Bugun Andijon davlat tibbiyot institutida xorijlik bitiruvchi talabalar uchun tantanali diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda institutning 81 nafar xorijlik talabasi o‘qishni muvaffaqiyatli yakunlab, shifokorlik yo‘lidagi muhim bosqichni ortda qoldirdi. Bitiruv marosimida Andijon davlat tibbiyot instituti rektori Madamin Madazimov hamda xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektor F. Rasulov ishtirok etib, bitiruvchilarni ushbu quvonchli kun bilan samimiy tabrikladi.
So‘zga chiqqanlar institutda tahsil olgan xorijlik talabalar nafaqat kasbiy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lganliklarini, balki turli millat va madaniyat vakillari bilan do‘stona aloqalar o‘rnatib, xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga ham munosib hissa qo‘shganliklarini ta’kidladilar.
Tadbir davomida bitiruvchilarga kelgusi faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar, inson salomatligini asrashdek sharafli kasbda yuksak natijalar tilandi. Bitiruvchilar esa o‘z navbatida institut rahbariyati va professor-o‘qituvchilarga yaratib berilgan sharoitlar hamda sifatli ta’lim uchun minnatdorlik bildirdilar.
Andijon davlat tibbiyot instituti jamoasi barcha bitiruvchilarni ushbu muhim sana bilan muborakbod etadi va ularning kelgusidagi faoliyatiga omad hamda zafarlar tilaydi.










