Mustaqilligimizning 35 yilligi hamda "Dolzarb 90 kun" loyihasi doirasida yoshlarning xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularning bilim va ko‘nikmalarini rag‘batlantirish maqsadida "IELTS marafon" tadbiri tashkil etildi.
Mazkur marafonda viloyatdagi barcha oliy ta'lim muassasalari talabalari faol ishtirok etib, ingliz tili bo‘yicha o‘z bilim va salohiyatlarini sinovdan o‘tkazdilar. Tadbir davomida ishtirokchilar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhiti shakllanib, ularning xalqaro til sertifikatlarini qo‘lga kiritishga bo‘lgan intilishlari yanada mustahkamlandi.
Quvonarlisi, marafon yakunlariga ko‘ra Andijon davlat tibbiyot instituti talabalari yuqori natijalarni qayd etishdi. Xususan, Farmatsiya fakultetining faol talabasi Zokirova Zuhraxon hamda Davolash fakulteti talabasi Mirjamolova Rushana munosib ishtiroki va bilimlari bilan ajralib turib, maxsus vaucherlarni qo‘lga kiritdilar.
Ushbu yutuq nafaqat talabalarimizning ingliz tilini puxta o‘zlashtirayotganliklaridan, balki institutda yoshlarning intellektual salohiyatini rivojlantirish, xalqaro ta'lim standartlariga mos kadrlarni tayyorlash borasida olib borilayotgan tizimli ishlarning ham amaliy natijasidir.









