Bugun Andijon davlat tibbiyot institutida “Biz yoshlar giyohvandlikka qarshimiz” shiori ostida davra suhbati tashkil etildi. Tadbirda Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudi sudyalari Saidakmalxon Toshmatov va Dostonbek Omadov hamda institut talabalari ishtirok etdi.
Tadbirni Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor S.Salohiddinov kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida giyohvandlikning inson salomatligi, oila farovonligi va jamiyat taraqqiyotiga yetkazadigan salbiy oqibatlari haqida to‘xtalib, yoshlarni har qanday zararli illatlardan yiroq bo‘lishga, sog‘lom turmush tarzini tanlashga chaqirdi.
Davra suhbatida so‘zga chiqqan mutaxassislar giyohvandlik vositalarining noqonuniy savdosi va iste’moli nafaqat alohida shaxs, balki butun jamiyat uchun jiddiy xavf tug‘dirishini ta’kidladi. Ayniqsa, bu illat inson hayoti, oilalar va bolalar salomatligini izdan chiqarib, mamlakat genofondi hamda kelajagiga katta zarar yetkazishi qayd etildi.
Shuningdek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik tahdididan himoya qilishga qaratilgan qonun imzolangani haqida ma’lumot berildi. Mazkur qonunga muvofiq, narkotik moddalar savdosi, ularni noqonuniy tarqatish hamda yashirin laboratoriyalar tashkil etish bilan bog‘liq jinoyatlar uchun javobgarlik va jazo choralari yanada kuchaytirildi.

Tadbir davomida talabalarning savollariga batafsil javoblar berilib, yoshlar o‘rtasida huquqiy madaniyatni yuksaltirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va giyohvandlikka qarshi murosasiz kurashish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri ekanligi alohida ta’kidlandi.










