Andijon davlat tibbiyot instituti professor-o‘qituvchilari, tyutorlari hamda talabalari Janubiy Koreyaning Daegu Haany universitetida tashkil etilgan xalqaro yozgi amaliyot va stajirovka dasturida faol ishtirok etishda davom etmoqda.
Mazkur dastur institutning xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, ta’lim sifati va ilmiy salohiyatni oshirish, shuningdek, professor-o‘qituvchilar va talabalarning zamonaviy tibbiyot yo‘nalishidagi nazariy bilimlari hamda amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Dastur doirasida ishtirokchilar malakali professor-o‘qituvchilar va soha mutaxassislari tomonidan olib borilayotgan ma’ruzalar, amaliy mashg‘ulotlar, laboratoriya ishlari, klinik kuzatuvlar, ilmiy-amaliy seminarlar, tajriba almashish uchrashuvlarida faol qatnashmoqda.
Shu orqali ular Janubiy Koreyaning ilg‘or tibbiy ta’lim tizimi, zamonaviy diagnostika va davolash usullari, innovatsion tibbiy texnologiyalar hamda raqamli tibbiyot yo‘nalishlari bilan yaqindan tanishib, xalqaro tajribani o‘zlashtirmoqda.
Dastur davomida ishtirokchilar Herbal Medicine (Dorivor o‘simliklar va an’anaviy koreys tabobati) yo‘nalishi bo‘yicha ham maxsus mashg‘ulotlarda ishtirok etdi. Ushbu darslarda dorivor o‘simliklarning shifobaxsh xususiyatlari, ularning tibbiyotdagi qo‘llanilishi hamda zamonaviy va an’anaviy davolash usullarini uyg‘unlashtirish bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlar berildi.
Bunday xalqaro ta’lim dasturlari ishtirokchilarning kasbiy salohiyatini oshirish, xalqaro tajribani o‘rganish, ilmiy hamkorlikni rivojlantirish hamda kelgusida qo‘shma ta’lim va ilmiy loyihalarni amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
Andijon davlat tibbiyot instituti professor-o‘qituvchilari va talabalari uchun xalqaro ta’lim, ilmiy tadqiqot hamda akademik almashinuv imkoniyatlarini kengaytirish yo‘lidagi ishlarni izchil davom ettirmoqda.










