Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan "Dolzarb 90 kun" loyihasi doirasida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning ma’naviy dunyosini boyitish hamda san’atga bo‘lgan qiziqishini oshirish maqsadida Andijon davlat tibbiyot instituti teatr jamoasi tomonidan Baliqchi tumani 19-son bolalar musiqa va san’at maktabida madaniy-ma’rifiy konsert dasturi tashkil etildi.
Tadbirda Andijon davlat tibbiyot institutining Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori S.Salohiddinov so‘zga chiqib, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni san’at va madaniyatga keng jalb etish, iste’dodlarini qo‘llab-quvvatlash hamda bandligini ta’minlash bugungi kunning muhim vazifalaridan biri ekanini alohida ta’kidladi.
Konsert dasturi davomida institutning teatr jamoasi tomonidan tarbiyaviy va ma’naviy mazmunga ega sahna ko‘rinishlari hamda spektakllar namoyish etildi. Ijodiy chiqishlar tomoshabinlarda katta taassurot qoldirib, samimiy qarsaklar bilan qarshi olindi.

Tadbir davomida kuy-qo‘shiqlar, badiiy chiqishlar va teatr sahnalari orqali yoshlarni Vatanga sadoqat, ezgulik, insonparvarlik, kitobxonlik va sog‘lom turmush tarziga da’vat etuvchi g‘oyalar targ‘ib qilindi.







