Andijon davlat tibbiyot instituti professor-o‘qituvchilari, tyutorlari hamda talabalari Janubiy Koreyaning Daegu Haany universitetida tashkil etilgan xalqaro yozgi amaliyot va stajirovka dasturini muvaffaqiyatli tamomladi.
Dastur davomida ishtirokchilar malakali professor-o‘qituvchilar va soha mutaxassislari tomonidan olib borilgan ma’ruzalar, amaliy mashg‘ulotlar, laboratoriya ishlari, klinik kuzatuvlar, ilmiy-amaliy seminarlar hamda tajriba almashish uchrashuvlarida faol ishtirok etdilar. Shuningdek, ular Janubiy Koreyaning ilg‘or tibbiy ta’lim tizimi, zamonaviy diagnostika va davolash usullari, innovatsion tibbiy texnologiyalar hamda raqamli tibbiyot yo‘nalishlari bo‘yicha qimmatli bilim va amaliy tajribaga ega bo‘ldi.

Mazkur xalqaro dastur institutning xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, ta’lim sifati va ilmiy salohiyatni oshirish, professor-o‘qituvchilar hamda talabalarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Dastur yakunida tantanali sertifikat topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda barcha ishtirokchilarga dasturda muvaffaqiyatli qatnashganliklarini tasdiqlovchi xalqaro sertifikatlar topshirildi. Marosim davomida so‘zga chiqqan tashkilotchilar va universitet rahbariyati ishtirokchilarning faolligi, bilimga intilishi hamda professional yondashuvini alohida e’tirof etib, kelgusida ham ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi samarali hamkorlik izchil davom etishiga ishonch bildirdi.








