Andijon davlat tibbiyot institutida xalqaro tibbiyot oliy ta’lim muassasalari talabalari ishtirokidagi “Pearl of Valley” (“Vodiy gavhari”) xalqaro yozgi o‘quv maktabining 5-mavsumi tantanali ravishda o‘z ishini boshladi.
Joriy mavsumda mamlakatimizning qator viloyatlari, Rossiya, Janubiy Koreya va Qirg‘iziston davlatlaridan jami 17 nafar talaba ishtirok etmoqda.

Ochilish marosimida institutning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori S.Salohiddinov so‘zga chiqib, institut rektori M.Madazimovning loyiha ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi hamda ularga o‘quv jarayonida muvaffaqiyat va omad tiladi.

Yozgi maktab davomida talabalar nazariy bilimlarini amaliy mashg‘ulotlar orqali mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Maxsus tayyorlangan hayotiy vaziyatlar va turli favqulodda holatlar asosida tashkil etilgan simulyatsion mashg‘ulotlar orqali ular birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini amalda sinovdan o‘tkazadi.

Mashg‘ulotlar davomida bo‘lajak shifokorlardan, avvalo, vaziyatni to‘g‘ri baholash, xotirjamlikni saqlash hamda bemorga tezkor va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish talab etiladi. Trenerlar har bir ishtirokchining harakatlarini sinchkovlik bilan kuzatib, ularni baholaydi, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni tahlil qiladi hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar beradi.











