Andijon davlat tibbiyot instituti rektori M. Madazimov yangi o‘quv yilini ko‘tarinki ruhda boshlagan 1-bosqich talabalari bilan uchrashib, ular bilan ochiq va samimiy muloqot o‘tkazdi.
Muloqot avvalida rektor talabalarni yangi o‘quv yili va talabalik maqomiga ega bo‘lganlari bilan tabriklab, ularning oldida turgan mas’uliyatli va sharafli vazifalar haqida so‘z yuritdi. Ayniqsa, tibbiyot sohasi inson salomatligi va hayoti bilan bevosita bog‘liq ekanligi, shu sababli bo‘lajak shifokorlar ta’limning dastlabki bosqichidanoq o‘z ustida muntazam ishlashi, puxta bilim va mustahkam amaliy ko‘nikmalarni egallashi lozimligi ta’kidlandi.

Uchrashuv davomida mamlakatimizda yoshlarning ta’lim olishi, ilm-fan bilan shug‘ullanishi, xorijiy tillarni o‘rganishi, innovatsion loyihalarda ishtirok etishi va o‘z iste’dodini namoyon qilishi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida ham ma’lumot berildi.
Shuningdek, talabalarga institutda ta’lim sifatini oshirish, nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish va zamonaviy tibbiy texnologiyalar asosida mutaxassislar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilayotgani haqida so‘z yuritildi.

Muloqot davomida institutdagi Simulyatsiya markazi, Markaziy ilmiy tekshirish laboratoriyasi, Vivariy markazi, shuningdek, yaqinda foydalanishga topshiriladigan institut klinikasi imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, talabalar turar joylarida yaratilgan sharoitlar, talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ilmiy izlanishlar bilan shug‘ullanish va o‘z ustida ishlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Rektor talabalarni respublika va xalqaro miqyosdagi fan olimpiadalari, tanlovlar va ilmiy loyihalarda faol ishtirok etishga chaqirib, iqtidorli va izlanuvchan yoshlarning tashabbuslari institut rahbariyati tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini ta’kidladi.
“Sizlar uchun institutimizda keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Muhimi, bu imkoniyatlardan unumli foydalanish, yaxshi o‘qish, izlanish va o‘z oldingizga katta maqsadlar qo‘yishdir. Har bir tashabbusingizni qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz”, — dedi rektor.
Uchrashuv samimiy va ochiq muloqot ruhida o‘tdi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, fikr va takliflarini bildirdilar.






