Andijon davlat tibbiyot institutida “Payshanba — Yoshlar kuni” doirasida O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Z. Mamasoliyevning Stomatologiya fakulteti talabalari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida yoshlar bilan ochiq va samimiy muloqot tashkil etilib, ularning ta’lim olishi, kasbiy rivojlanishi va kelajakdagi faoliyati bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Muloqot jarayonida talabalarning kasbiy tayyorgarligi, bandligini ta’minlash hamda kelgusida o‘z mutaxassisligi bo‘yicha munosib faoliyat yuritishlari yuzasidan fikr almashildi. Z. Mamasoliyev o‘z nutqida zamonaviy va raqobatbardosh shifokor bo‘lib yetishish uchun chuqur nazariy bilimga ega bo‘lish bilan bir qatorda, xorijiy tillarni puxta o‘rganish, zamonaviy innovatsion yondashuvlarni o‘zlashtirish va muntazam ravishda o‘z ustida ishlash muhimligini ta’kidladi.
Shuningdek, bitiruvchi talabalarni ish bilan ta’minlash, ularning o‘zini o‘zi band qilishiga ko‘maklashish hamda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida “Kelajakka qadam” markazlaridagi imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston Milliy bankining Andijon viloyat filiali mutaxassislari mazkur loyihaning maqsadi, talabalar uchun berilgan kam foizli imtiyozli kreditlar haqida ma’lumot ham berishdi.

Uchrashuvda Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i F. Xodjimatov ham ishtirok etib, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirishga oid qonun hujjatlariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar yuzasidan talabalarga tushuntirishlar berdi. Mazkur masala bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va alifboni takomillashtirishga qaratilgan o‘zgarishlar haqida tegishli ma’lumotlar taqdim etildi.

Bundan tashqari, talabalar mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, nazariy bilimlarini amaliy ko‘nikmalar bilan mustahkamlash hamda zamonaviy mehnat bozori talablariga mos, malakali va raqobatbardosh mutaxassis bo‘lib shakllanishlari yuzasidan muhim tavsiyalar oldilar.
Uchrashuv yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar. Muloqot davomida bildirilgan murojaat va muammolar yuzasidan tegishli fikrlar almashilib, ularni hal etish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.







