Andijon davlat tibbiyot institutida talaba-yoshlarning ijodiy qobiliyatlarini yuzaga chiqarish, iste’dodlarini qo‘llab-quvvatlash, sahna madaniyati va aktyorlik mahoratini rivojlantirish maqsadida fakultetlar o‘rtasida “Talabalar teatr studiyasi” ko‘rik-tanlovining institut bosqichi tashkil etildi.
Tanlovda Davolash, Pediatriya, Stomatologiya va Farmatsiya fakultetlari jamoalari erkin mavzudagi sahna ko‘rinishlari, ijodiy chiqishlari, yumoristik namoyishlari hamda o‘ziga xos badiiy talqinlari bilan ishtirok etdi.

Tadbirni institutning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori G.Xolmatova kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida talabalarning ijodiy salohiyatini rivojlantirish, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va teatr san’ati orqali yoshlarning ma’naviy dunyoqarashini boyitish muhimligini ta’kidladi.

Tanlov davomida fakultet jamoalari tomonidan namoyish etilgan sahna asarlari hakamlar hay’ati tomonidan mazmun-mohiyati, mavzuning dolzarbligi, sahnaviy talqin, aktyorlik mahorati va ijro sifati kabi mezonlar asosida baholab borildi.

Tanlov yakunlariga ko‘ra, quyidagi jamoalar va ishtirokchilar g‘olib deb topildi:
“Eng faol talabalar teatr jamoasi” — Farmatsiya fakultetining “Farm 1” jamoasi.
“Dolzarb mavzu va sahnaviy talqin” — Pediatriya fakultetining “Pedstar” jamoasi.
“Eng yaxshi spektakl” — Stomatologiya fakultetining “Sadaf” jamoasi.
Shaxsiy nominatsiyalar:
“Eng yaxshi ayol roli uchun” — Stomatologiya fakulteti talabasi Mubinaxon Muhammadjonova.
“Eng yaxshi erkak roli uchun” — Davolash fakulteti talabasi Javohir Arslonboyev.

Tanlov g‘oliblari va nominatsiya sohiblarini taqdirlash marosimi 17-noyabr — Xalqaro talabalar kuni munosabati bilan o‘tkaziladigan tantanali tadbirda bo‘lib o‘tadi.

Barcha ishtirokchilarni, g‘olib jamoalarni va nominatsiya sohiblarini samimiy tabriklaymiz! Ularga kelgusidagi ijodiy faoliyatlarida yangi yutuqlar va zafarlar tilaymiz!






