Andijon davlat tibbiyot instituti hamda Xitoy Xalq Respublikasining Zunyi shahridagi Tibbiyot va farmatsevtika kolleji rahbariyati o‘rtasida muhim videouchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ikki tomon vakillari ilm-fan, ta’lim va tibbiyot sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalarini atroflicha muhokama qildi.
Uchrashuvda kollej vitse-prezidenti Chjan Byao hamda bo‘lim rahbarlari, institut tomonidan esa prorektor K.Salohiddinov va kafedra mudirlari ishtirok etdi.
Muzokaralar davomida quyidagi asosiy yo‘nalishlar belgilandi:
🔹 An’anaviy va reabilitatsiya tibbiyoti Tomonlar an’anaviy xitoy tibbiyoti, akupunktura, tuina terapiyasi hamda reabilitatsiya yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi. Bu borada qo‘shma o‘quv dasturlari, professor-o‘qituvchilar almashinuvi va klinik tayyorgarlik dasturlari yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, Farg‘ona vodiysi uchun maxsus reabilitatsiya dasturi ishlab chiqilishi muhokama qilindi.
🔹 Farmatsiya va farmakognoziya Dorivor o‘simliklar resurslari almashinuvi, ularni qo‘llash tajribasini o‘rganish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda dorivor botanika bog‘larini tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.
🔹 Akademik almashinuv va ilmiy tadqiqotlar Onlayn ma’ruzalar, qo‘shma seminarlar, ilmiy loyihalar hamda maqolalar tayyorlash orqali hamkorlikni mustahkamlash rejalashtirildi.
🔹 Ta’lim resurslaridan foydalanish Tomonlar o‘quv dasturlari, ta’lim standartlari, ilmiy adabiyotlar va kutubxona resurslari bilan o‘zaro almashish orqali ta’lim sifatini oshirishga kelishib oldi.
Mazkur uchrashuv ikki muassasa o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi va tibbiyot sohasida innovatsion yondashuvlarni joriy etishga xizmat qilishi kutilmoqda.



