Avval xabar berganimizdek, ayni kunlarda Samarqand shahrida “Central Asia – European Union University Congress 2026” xalqaro anjumani yuqori saviyada davom etmoqda.
Mazkur nufuzli tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Polsha akademik oliy ta’lim muassasalari rektorlari konferensiyasi (CRASP), IREG akademik reytingi va mukammallik observatoriyasi hamda Samarqand shahridagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari hamkorligida tashkil etildi.
Ushbu yirik anjumanda Andijon davlat tibbiyot instituti rektori M.Madazimov boshchiligidagi institut delegatsiyasi ham faol ishtirok etmoqda.
Anjumanning ikkinchi kuni Samarqand Ipak yo‘li xalqaro universitetida bo‘lib o‘tib, unda B2B formatidagi uchrashuvlar tashkil etildi. Mazkur uchrashuvlar doirasida Andijon davlat tibbiyot instituti hamda Polshaning WSB universiteti o‘rtasida tibbiyotda sun’iy intellekt yo‘nalishida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muhim Memorandum imzolandi.
Ushbu kelishuv ikki tomonlama ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni ta’lim jarayoniga joriy etish hamda tibbiyot sohasida innovatsion yondashuvlarni kengaytirishga xizmat qiladi.
Shubhasiz, bunday xalqaro hamkorliklar institutimizning global ta’lim maydonidagi nufuzini yanada mustahkamlab, talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.




