Andijon davlat tibbiyot institutida nogironligi bo‘lgan talabalarning jamoaga integratsiyasini ta’minlash, shuningdek, ular orasida kamsitish (diskriminatsiya) holatlarini oldini olish maqsadida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Xususan, talabalar orasida tushuntirish va targ‘ibot ishlarini samarali yo‘lga qo‘yish uchun O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi institut boshlang‘ich tashkiloti tomonidan 20 nafar faol talabadan iborat “Tengdoshga — tengdosh” volontyorlik guruhi tashkil etilgan.
Mazkur guruh tomonidan muntazam ravishda talabalarga bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni targ‘ib qilish, nogironligi bo‘lgan talabalarni qo‘llab-quvvatlash, teng imkoniyatlar yaratish masalalarida tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Ushbu tashabbus talaba-yoshlar orasida mehr-oqibat, insonparvarlik va ijtimoiy faollikni oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.




