Andijon davlat tibbiyot instituti rektori M.Madazimov tomonidan bir guruh talabalar bilan norasmiy va samimiy ruhda uchrashuv tashkil etildi. Qahva ustida kechgan ushbu muloqot talaba-yoshlarning fikr va takliflarini bevosita eshitish, ularning muammolari va ehtiyojlarini o‘rganishga qaratildi.
Uchrashuv davomida talabalar turli mavzularda o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi. Xususan, ularning o‘qish jarayoni, ta’lim sifati, darslardan bo‘sh vaqtlarini qanday o‘tkazayotganliklari, shuningdek, institutda yaratilgan sharoitlar yuzasidan fikrlari tinglandi. Rektor har bir talabaning mulohazasiga alohida e’tibor qaratib, ularning takliflarini o‘rganish muhim ekanini ta’kidladi.

Suhbat jarayonida yurtimizda yoshlarga qaratilayotgan davlat siyosati, ayniqsa, nogironligi bo‘lgan hamda kam ta’minlangan oila farzandlarini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, iqtidorli yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, grantlar, turli tanlov va loyihalarda ishtirok etish orqali o‘z salohiyatlarini ro‘yobga chiqarish yo‘llari haqida ham so‘z yuritildi.
Uchrashuvda institutda inklyuziv ta’limni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ham alohida e’tirof etildi. Xususan, institut matbuot xizmati qoshida faoliyat yuritayotgan inklyuziv media studiya haqida ma’lumot berilib, uning imkoniyatlari, talabalar, jumladan, imkoniyati cheklangan yoshlar uchun yaratilgan qulayliklar haqida tushuntirishlar berildi. Bugungi kunda institutda barcha talabalar uchun teng imkoniyatlar yaratish, ularning ta’lim olish jarayonida to‘siqlarni bartaraf etish ustuvor vazifalardan biri ekani qayd etildi.
Mazkur uchrashuv ochiq va samimiy muloqot ruhida o‘tib, talabalar uchun o‘z fikrlarini erkin bildirish, rahbariyat bilan bevosita suhbatlashish imkonini yaratdi. Bu esa, o‘z navbatida, ta’lim jarayonini yanada takomillashtirish va talabalarga qulay muhit yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.






