Bugun Andijon davlat tibbiyot institutida “Aksilkorrupsiya kovorking markazi”ning joriy yil birinchi chorak yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur markaz institutda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada kuchaytirish, shaffoflik va ochiqlikni ta’minlash maqsadida tashkil etilgan bo‘loib, markaz institutdagi Korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplayens-nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi tizimida faoliyat olib boradi.


Markazning asosiy maqsadi institut professor-o‘qituvchilari, xodimlari hamda talaba-yoshlar o‘rtasida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishdan iborat. Shuningdek, ta’lim jarayonining shaffofligini ta’minlash, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish va bu boradagi targ‘ibot ishlarini kuchaytirish ham markaz faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan hisoblanadi.
Mazkur markaz doirasida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini keng joriy etish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olish, ularning sabablarini o‘rganish hamda samarali yechimlar ishlab chiqish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, institutda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davra suhbatlari, ilmiy muhokamalar, sotsiologik so‘rovlar va turli targ‘ibot tadbirlari tashkil etilishi rejalashtirilgan.


Markaz faoliyatiga institutning prorektorlari, dekanlari, professor-o‘qituvchilari, mutaxassislar hamda faol talaba-yoshlar jalb etiladi. Ularning hamkorligida institutda korrupsiyaga qarshi jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, shaffoflik va ochiqlikni ta’minlashga qaratilgan taklif va tashabbuslar ishlab chiqiladi.
Yig‘ilish yakunida Aksilkorrupsiya kovorking markazi institutda halollik, adolat va qonuniylik tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

