Andijon davlat tibbiyot instituti va klinikasi xodimlari Italiyada o’tkazilgan xalqaro kongresda qatnashdilar

image_pdfYuklab olish (pdf)image_printChop etish versiyasi

Bir necha yildan buyon ADTI va uning  klinikasi  Germaniya  xalqaro hamkorlik  tashkiloti(“GIZ”)ning  «Tibbiyot va tibbiy texnik xodimlarining yuqori texnologik tibbiyot jihozlar bilan ishlashda malakasini oshirish» loyihasi doirasida hamkorlik qilib kelmoqda. Hamkorlik doirasida 2016-yilning oktabr oyida ADTI klinikasi bazasida institut VMO va QT fakulteti qoshida yuqori texnologik laparoskopik simulyatorlar va o‘quv anjomlari bilan jihozlangan o‘quv markazi tashkil etilgan. Farg‘ona vodiysida yagona hisoblangan o‘quv markazi Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlariga laparoskopik xirurgiya va ginekologiya yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash va ularni qayta o‘qitishga ixtisoslashtirilgan.

Yaqinda shu hamkorlik doirasida ADTI vrachlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash fakultetining “Operativ va diagnostik endoskopiya, stomatologiya va endourologiya” kafedrasi xodimlari Bahodir Raxmanov va Shuhrat Qurbanovlar   Germaniya halqaro hamkorlik tashkilotining tashabbusi va O‘zbekiston Respublikasi Sog’liqni  saqlash vazirligining buyrug‘iga asosan 19-26 noyabr kunlari Italiyaning Bari shahrida o‘tkazilgan «AII IN ONE» deb nomlangan birinchi Xalqaro Kongresda ishtirok etib qaytdilar.

Kongress Yevropa laparoskopist xirurglar va ginekologlar assotsiatsiyasi prezidenti, professor Stefano Betokki raisligida o‘tkazildi. Ishtirokchilar Kongressning asosiy mavzusi endoskopik xirurgiya va operativ ginekologiyada yuqori texnologik diagnostika usullarni qo‘llash va  bemorlarda laparoskopik va gisteroskopik operatsiyalarni takomillashtirishga yo‘naltirilganligini ta’kidlab, bu borada Italiya mutaxassislarining olib borayotgan ishlari bilan yaqindan tanishganligini aytib o‘tishdi.

Safardan asosiy maqsad – xirurgik va ginekologik xastaliklarda yuqori texnologik laparoskopik uskunalarni va  ultratovush apparatlarini tibbiyot amaliyotida keng qo‘llashni o‘rganish va tajriba almashish bo‘ldi.

ADTI qoshida tashkil etilgan o‘quv markazi va «Operativ va diagnostik endoxirurgiya, stomatologiya va endourologiya» kafedrasi o‘quv va amaliyot jarayonlarida ham bu orttirilgan tajribalarni keng qo‘llash imkoniyati mavjudligi albatta  quvonarlidir.

Mutaxassis xodimlarning xalqaro anjumandan olgan taassurotlari  ish tajribalarida va o‘quv markazida tayyorlanayotgan mutaxassislarni o‘qitish va laparoskopik gistroskopik operatsiyalarni yanada takomillashtirishda, bemorlarga  tibbiy yordam berishga xizmat qiladi.

ADTI va uning klinikasida tashkil etilgan o‘quv markazining  Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti (“GIZ”) loyihasi asosida olib borilayotgan ishlar kelgusida bundanda  yuqori bosqichlarga ko‘tariladi.

129