alexa
Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

Andijon davlat tibbiyot insitutida Olimpiada chempionlari

11:00 05.12.2019

Andijon davlat tibbiyot insitutiga boks bo‘yicha Olimpiada chempioni Hasanboy Do‘stmatov, suzish bo‘yicha Paraolimpiada o‘yinlari sovrindori, “Jasorat” medali sohibi Muzaffar Tursunxo‘jayev hamda Firdavs Musabekov, karate bo‘yicha Osiyo chempioni Firdavs Ahmadjonovlar tashrif buyurdilar. Institut yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi, 1-umumiy amaliyot shifokorlarini tayyorlash kafedrasi tashabbusi bilan tashkil etilgan davra suhbatida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiylar Nodirbek Abdullyev va Qosimjon Qoraboyevlar ham ishtirok etishdi.

Mamlakatimiz Prezidenti tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus doirasida yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish maqsadida tashkil etilgan uchrashuvni institut yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori P.X.Asxanov ochib berar ekan, sportchi mehmonlar bugungi kunda xalqimizning faxri ekanligini alohida e’tirof etib o‘tdi va davra suhbatini olib borish uchun so‘zni tadbir tashkilotchisi, 1-umumiy amaliyot shifokorlarini tayyorlash kafedrasi mudiri Z.S.Salohiddinovga berdi.

Professor Z.S.Salohiddinov mehmonlarni tadbir ishtirokchilariga tanishtirdi va boks bo‘yicha Olimpiada chemponi Hasanboy Do‘stmatovning hayoti va sportdagi yutuqlari haqida ma’lumot berib o‘tdi. Shundan so‘ng sportchilarimiz haqidagi videorolik namoyish etildi.


Samimiy muloqot tarzida o‘tgan davra suhbatida sport chempionlari hukumatimiz, shaxsan Prezidentimiz tomonidan sportni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor, sportga kirib kelishlari, mashg‘ulotlar jarayoni, xalqar maydonlardagi bahslar, murabbiylari xususida so‘zlab berdilar. Chempionlarning murabbiylari esa shogirdlari bilan ishlash jarayoni, yoshlarni sportga jalb etish masalalari yuzasidan o‘z fikrlarini bildirishdi.


Davra suhbati savol-javoblar bilan davom etdi. Talabalar, professor-o‘qituvchilar chempionlarga xalqaro sport musobaqalardagi ishtiroklari, mashg‘ulotlardagi mashaqqatlar, g‘alabalarning sirlari, sport va tibbiyot birligi xususidagi savollari bilan murojaat qildilar.



Davra suhbati iste’dodli talabalar ijrosida qo‘shiqlar bilan yanada fayzli bo‘ldi. Davra suhbati yakunida professor Z.S.Salohiddinov sportchilarga o‘zining “Oqibat bekasi” kitobini sovg‘a qildi. Institut ma’muriyati tomonidan chempion sportchilarga esdalik sovg‘alari taqdim etildi.



Davra suhbatidan so’ng sportchilar insituti hayoti bilan tanishdilar.


Andijon davlat tibbiyot insitutida sport chempionlari bilan o‘tgan uchrashuv barcha ishtirokchilarni sportga bo‘lgan mehrini yanada ziyoda etishi bilan birga, xalqimiz sportchilarimiz bilan hamisha faxrlanishini ko‘rsatdi.

Odiljon KARIMOV,

ADTI  matbuot kotibi

Skip to content aasaaasaasas Click to listen highlighted text!