
Mamlakatimizda barcha sohalar qatori sog‘liqni saqlash tizimi ham rivojlanib, takomillashib bormoqda. Ushbu jarayonda Yangi O‘zbekiston tibbiyotini yana-da takomillashtirish va malakali kadrlarni tayyorlash muhim vazifa etib belgilangan. Bu borada Andijon davlat tibbiyot instituti ham 70 yildan buyon nafaqat Respublika balki, xalqaro miqyosda ham shifokorlarni yetishtirib berishda yetakchilik qilmoqda.
Bugun, 30-aprel kuni institutning 70 yilligi munosabati bilan «Profilaktik tibbiyotda ilg’or innovatsion texnologiyalarni qo’llash» mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.
Dastavval, xalqaro anjuman mehmonlari milliy kuy-qoʻshiq va raqslar jo‘rligida tantanali kutib olindi. Shundan so‘ng tantanani institut rektori M.Madazimov kirish so‘zi bilan ochib berdi va institutning ulkan 70 yillik tarixiga to‘xtalib, tanishtirib o‘tdi. Ekranda institutning tarixi va buguni aks etgan videorolik namoyish etildi.
Ushbu tantana munosabati bilan dastavval viloyat hokimi Sh.Abdurahmonovning tabrigini viloyat hokimi o’rinbosari K.Komilov, O’zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri A.Xudayarovning tabrigini O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Fan-ta’lim va innovatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i O‘.Ismoilov o‘qib eshittirdi. Shundan so‘ng, institut rektori M.Madazimov O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining buyrug‘iga binoan «Xalq salomatligi posboni» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. O’zbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov ham onlayn tarzda anjuman qatnashchilariga tabrik yo‘lladi. Shuningdek, Respublikamiz va xorijlik hamkorlar, nufuzli oliy ta’lim muassasalari rektorlari tomonidan onlayn hamda offlayn shaklda tabriklar yo‘llandi.
Xalqaro ilmiy-amaliy anjumanning plenar kengashida Rossiya Federatsiyasi, Shvetsiya, Turkiya, Germaniya, Avstraliya, Janubiy Koreya, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston davlatlaridan hamda Respublikamizning tibbiyot sohasi mutaxassislari tomonidan 10 dan ziyod ma’ruzalar onlayn va offlayn tarzda o‘qildi.
Plenar kengashdan so‘ng ma’ruzalar 6 ta seksiyalarga bo‘lingan holda olib borildi. Unda Profilaktik tibbiyot, Ichki kasalliklar, Onalik va bolalik, Jarrohlik, Stomatologiya hamda Mediko-biologik mavzularga oid 145 dan ziyod ma’ruzalar qatnashchilarga o‘qib eshittirildi.