alexa
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

ANDIJON DAVLAT TIBBIYOT INSTITUTI AKADEMIK LITSEYIDAGI HOLAT YUZASIDAN IJTIMOIY TARMOQLARDA TARQALGAN XABARLARGA MUNOSABAT

16:21 14.07.2021

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Andijon davlat tibbiyot instituti akademik litseyida archa daraxtlarining kesilayotganligi to‘g‘risida xabarlar tarqalgan edi.

Andijon davlat tibbiyot instituti matbuot xizmati shuni ma’lum qiladiki, 2021-yil 19-iyun kuni kechki soat 17:30 da kuchli shamol esishi natijasida ADTI akademik litseyi oldi qismida 7 (yetti) dona sosna archa daraxti qo‘porilib tushgan va binoning kirish qismi peshtoqiga o‘rnatilgan alyukobondning taxminan 2 kv.m. qismi ko‘chib, osilib qolgan. Mazkur holat yuzasidan litsey ma’muriyati tomonidan zudlik bilan choralar ko‘rilgan. Ya’ni 7 (yetti) dona qo‘porilib tushgan sosna archasi bo‘yicha Andijon shahar ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat inspeksiyasiga murojaat qilinib, dalolatnoma tuzilgan. Alyukobond insonlar hayoti uchun xavfli bo‘lganligi  sababli Andijon viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga murojaat qilingan. Lekin ularda  bunday balandlikka ko‘tariluvchi moslama mavjud emasligi ma’lum bo‘lgandan so‘ng yuqoriga ko‘tariluvchi texnika so‘rab Andijon shahar hokimiga 2021-yil 21-iyun kuni 01/63-sonli xat orqali murojaat qilingan. Ichki imkoniyatdan foydalangan holda alyukobond xavfsiz  holga keltirildi. Shu sababdan 7 dona sosna archa daraxtlari kesilgan.

Shuningdek, kesilgan hech qanday daraxt yoqib yuborilmagan. Akademik litsey yonidagi Tadbirkorlar palatasi atrofida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilayotgan chog‘da mayda, qurigan shoxlar qisqa tutashuv paytida uchqunlagan. Bu holat darrov bartaraf etilganiga qaramay, akademik litsey atrofidagi qurigan maysalarga ham ta’sir o‘tkazgan. Bu holat Andijon shahar ekologiya va atrof muhitni muxofaza qilish sohasidagi nazorat inspeksiyasi tomonidan ham o‘rganilib, tasdiqlangan.

Qolaversa,  ochiq  oqayotgan suv ichimlik  suvi bo‘lmay, atrofdagi gul va daraxtlarni sug‘orish maqsadida akademik litsey hududidagi quduqdan tortilgan  artizan suvi hisoblanadi. Litseydagi ichimlik  suv tarmoqlariga  jo‘mrak o‘rnatilgan.

Xulosa qilib aytganda, vahimaga o‘rin yo‘q, ta’lim muassasasida birinchi galda o‘quvchi va xodimlarning xavfsizligi nazoratga olinadi. Ularning hayotiga xavf tug‘diruvchi omillarga qarshi zudlik bilan chora-tadbirlar ko‘riladi.