19- mart, tong pallasi. Xonobodda erta tongdan yangragan karnay –surnay sadolari barchani sayilga chorladi. Navro‘zi olam kirib kelishi arafasida Xonobod shahri chiroyiga yana chiroy qo‘shildi. Ko‘zni quvnatuvchi rango-rang gullar, turli bezaklar, ko‘klamni, Navro‘zni sharaflovchi turfa shiorlar atrofga o‘zgacha ko‘rk, o‘zgacha fayz bag‘ishlaydi. Xonoboddagi Navoiy nomli istirohat bog‘iga viloyatimizning barcha shahar va tumanlaridan minglab yurtdoshlarimiz bayram sayliga tashrif buyurdilar.
Istirohat bog‘i hududida viloyatimizdagi barcha tashkilot, muassasa va korxonalarning vakillari tomonidan bayram yarmarkalari tashkil etildi.
Andijon davlat tibbiyot instituti rektori M.Madazimov boshchiligida oliygoh prorektorlari, bo‘lim boshliqlari, xodimlar kasaba uyushma qo‘mitasi, institut xotin-qizlar qo‘mitasi faollari, institut davolash, pediatriya, stomatologiya, Vrachlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash fakultetlari dekanlari, yoshlar ittifoqi faollari va talabalardan iborat jamoa ham bayram saylida faol qatnashdilar.
Bu yerda ajratilgan maxsus joylarda dasturxonlar yozilib, milliy va bahoriy taomlar- ko‘k somsa, qatlama, ko‘k chuchvara, turli shirinliklar bilan bezatildi.
Shuningdek, sayilgohda “Miss education Andijon” liboslar ko‘rik-tanlovi ham o‘tkazildi. Tanlovda ADTIning lobar va dilbar qizlari “Milliy liboslar”, “Bayram liboslari” hamda “Kasbiy liboslar” nominatsiyalari bo‘yicha o‘z ko‘rgazmali chiqishlarini namoyish qildilar.
Xonobod bog‘ining asosiy maydonida Navro‘z tantanalari o‘tkazildi. Xonobod uzra bahor bayrami tantanasini viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari A.Egamberdiev ochib, Andijon viloyati hokimi, senator Sh.Abdurahmonovning viloyat ahliga bayram tabrigini o‘qib eshittirdi va tadbir ishtirokchilarini qizg‘in muborakbod etdi.
Bog‘ markazida jamuljam bo‘lgan viloyatimiz ahli hamda mehmonlar bayram dasturini ko‘tarinki bahoriy kayfiyat, zavqu shavq bilan tomosha qildilar. Jajji bolajonlar-u, askiyachilar, taniqli san’atkorlar va yosh san’atkorlarning chiqishlari barchani xushnud qildi. Dilrabo kuy-qo‘shiqlar, jozibali raqslar dillarni yayratdi. Bayram dasturida Andijon davlat instituti talaba yigit-qizlarining chiqishlari alohida olqishlarga sazovor bo‘ldi.
Ham sayohat, ham ziyorat deganlaridek, Navro‘z tantanalaridan so‘ng, institutning 170 nafar professor-o‘qituvchilari va talabalari, shuningdek, ADTI klinikasi xodimlari “Fozilmon ota” ziyoratgohida bo‘lishib, bu muqaddas dargohni ziyorat qildilar. To‘kin dasturxon atrofida bayram tantanasini davom ettirdilar. Tantanada institut rektori M.Madazimov so‘zga chiqib, Navro‘z ayyomi bilan barchani tabrikladi va o‘zining ezgu tilaklarini bildirdi.
Shundan so‘ng, bayram ishtirokchilari ADTI yoshlar ittifoqi faollari hamda viloyatimizdagi yosh san’atkorlar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlarga yayrab raqsga tushdilar.
Tog‘ yon bag‘ridagi tabiat go‘zalligiyu, Xonobodning xush havosidan bahra olib miriqib dam oldilar.