Maʼlumki, Dogʻiston davlat tibbiyot universiteti bilan mana bir necha yildirki, hamkorlik aloqalarini olib boryapmiz. Qoʻshma taʼlim dasturi asosida 3+2 Stomatologiya yoʻnalishida taxsil olayotgan bir qator talabalarimiz hozirda Dogʻiston davlat tibbiyot universitetida oʻqishni davom ettirishmoqda.
Andijon davlat tibbiyot instituti rektori M.Madazimov Dogʻistonga safar qilib, mazkur talabalarimiz holidan xabar olish uchun joʻnab ketdi. Safarning birinchi kunida Dogʻiston davlat tibbiyot universiteti rektori, universitetning Oʻquv ishlari boʻyicha prorektori, fakultet dekani, Xalqaro aloqalar boʻyicha masʼullar bilan birgalikda institutimiz rektori Talabalar turar joyida talabalarimiz bilan uchrashuv oʻtkazdi. Unda har ikki oliy taʼlim rahbarlari talabalarga yaratilayotgan sharoitlar, oʻquv jarayonlari, taʼlim sifati haqida yoshlarning fikr-mulohazalarini oʻrgandilar. Oʻz oʻrnida talabalarimiz ham instiutimiz rektoriga barcha imkoniyatlardan mamnun ekanliklari va bu uchun oʻz minnatdorligini bildirishdi. Soʻng ularga foydalanishlari uchun institutimiz tomonidan kir yuvish mashinasi hamda muzlatgich sovgʻa qilindi.
Tushlik vaqtida oʻzbekona palov tashkil etilib, rahbarlar va talabalarimiz bir dasturxon atrofida jam boʻldilar. Undan so’ng esa kunning ikkinchi yarmida muzeyga sayohat tashkil etildi.
Tashrif davomida yana bir qator masalalar koʻzda tutilgan boʻlib, bu borada xabarlar bilan tanishtirib boramiz.