ANDIJON DAVLAT TIBBIYOT INSTITUTI REKTORI M.M.MADAZIMOVNING YANGI YIL TABRIGI – Andijon davlat tibbiyot instituti
Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

ANDIJON DAVLAT TIBBIYOT INSTITUTI REKTORI M.M.MADAZIMOVNING YANGI YIL TABRIGI

05:53 31.12.2024

Assalomu alaykum, aziz instiutimiz jamoasi, qadrli professor-o‘qituvchilar, ilmga chanqoq talaba-yoshlar! Kirib kelayotgan yangi yil bayrami barchangizga qutlug‘ bo‘lsin!

Yangi yil yangi orzular, yangi maqsadlar ayyomi. Bu kunni barchamiz intiq bo‘lib kutamiz. O‘tgan yil sarhisobini qilib, yangi yilga katta rejalarni maqsad qilamiz. Shu o‘rinda oliy taʼlim tizimimizdagi yangicha yondashuv va buning ijobiy natijalarini ifoda etuvchi ayrim faktlarga eʼtiboringizni qaratmoqchiman. Oliy taʼlimga qamrov, agar 2016-yil holatiga qiyos qilinsa, 9 foizdan 39 foizga ortgan. Albatta, bu asosan, institut va universitetlar sonining ko‘payishi bilan bog‘liq. Bugungi kunda Oliy taʼlim muassasalarining soni 200 dan oshdi. 2017-yilda har 10 ming aholiga 93 ta talaba to‘g‘ri kelgan bo‘lsa,  2023-yilga kelib esa bu ko‘rsatkich  357 taga yetgan.

Shu qatorda aytib o‘tishimiz joizki, o‘tgan 2024-yil Andijon davlat tibbiyot institutiga ham muvaffaqiyatli keldi. Boisi, bu yil yangi o‘quv yilini yangi o‘quv binosi bilan qarshi oldik. Institut klinikasi ham to‘liq ravishda bizning tasarrufimizga o‘tdi, hozirda klinikada qurilish-bunyodkorlik ishlari ayni avjida.

Yangi va zamonaviy 2000 o‘rinli o‘quv binoyimiz 7 qavatdan iborat bo‘lib, har bir qavatda 28 ta xona mavjud. Barcha o‘quv xonalarda interaktiv doskalar va zamonaviy o‘quv jihozlari bor.

Binoda umumiy 12 ta maʼruza zali mavjud. Binoning 2-qavatida jahon standartlariga mos katta imkoniyatlarga ega simulyatsiya markazi joylashgan. Zamon talablariga to‘la mos keladigan Simulyatsiya markazidan esa zamonaviy robot simulyatorlar o‘rin olgan. Bu talabalarning olgan nazariy bilimlarini amaliy tarzda mustahkamlash imkoniyatini beradi.  3-qavat stomatologiya yo‘nalishlari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, eng zamonaviy stomatologik asbob-uskunalar va texnologiyalar bilan jihozlangan. Binodan asosan klinik kafedralar o‘rin olgan. Institut klinikasi va mazkur o‘quv bino o‘rtasida telemeditsina tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

Unda klinikaning xirurgik bo‘limlarida amalga oshirilgan operatsiyalar to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘quv xonalariga translatsiya qilinadi. Talabalar ushbu jarayonda shifokorga o‘z savollarini berish va unga shu paytning o‘zida javob olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Shuningdek, institutning Markaziy ilmiy-tekshirish laboratoriyasi ham qurib bitkazildi. Ushbu bino 4 qavatdan iborat bo‘lib, 400 o‘ringa mo‘ljallangan. Binoda 30 ta o‘quv xonalari, 21 ta laboratoriya xonasi, 1 ta maʼruza zali, 28 ta kafedra mudiri va yordamchi xonalari mavjud. 1 qavatli vivariy binolari, tashqi yordamchi bino va inshootlarida qurilish ishlari yakunlanish arafasida.

Talabalarni turar joy bilan taʼminlash borasida navbatma navbat yangi turar joylarni qurib bitkazmoqdamiz. Joriy yilda ham Davlat xususiy sherikchiligi asosida yangi 400 o‘ringa mo‘ljallangan talabalar turar joyi foydalanishga topshirildi.

Xalqaro hamkorliklarni rivojlantirish borasida ham yakunlanayotgan yil samarali bo‘ldi deb bemalol ayta olaman. Chunki biz AQSH, Germaniya, Rossiya Federatsiyasi, Xitoy, Koreya davlatlarining nufuzli oliy taʼlim muassasalari bilan ilmiy, o‘quv, klinik amaliyot masalalarida yangi hamkorlik memorandumlarini imzolandik.

Taʼkidlash joizki, zamonaviy tibbiyot muassasalariga mos ravishda tajribali mutaxassislarimizning ham soni ortmoqda. Chet davlatlarda malaka oshirib kelayotgan professor-o‘qituvchilarimiz, shifokorlarimiz tomonidan yuqori murakkab jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilmoqda. Bu esa xalqimiz salomatligini yana-da mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Bu kabi zahmatli mehnatlarning samarasi o‘laroq, o‘z sohasining fidoiylari qator mukofotlarga sazovor bo‘lishdi.

Institutimizning 4 nafar professor-o‘qituvchisi Sog‘liqni saqlash vazirligining “O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash aʼlochisi” ko‘krak nishoni, 4 nafari tashakkurnoma, 7 nafari Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining “Oliy taʼlim aʼlochisi” ko‘krak nishoni, 1 nafari vazir faxriy yorlig‘i, institut professor-o‘qituvchilarining 40 nafari viloyat hokimi faxriy yorlig‘i bilan taqdirlandi. Travmatologiya, ortopediya va neyrojarrohlik kafedrasi mudiri Xudayberdiyev Qobil Tursunovich II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan mukofotlandi, “Yilning eng yaxshi shifokori” tanlovining respublika bosqichida “Yilning eng yaxshi neyroxirurgi” nominatsiyasi bo‘yicha 1-o‘rinni egalladi.

“Koreya Xalqaro Ixtirochi ayollar ko‘rgazmasi “KIWE” – 2024”da Koreya ixtirochi ayollari Assotsiatsiyasi tomonidan Gospital pediatriya kafedrasi dotsenti Xurmatoy Kamchiyevna Xankeldiyeva oltin medal bilan taqdirlandi.

Vrachlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash fakulteti Neonatologiya kafedrasi mudiri, dotsent Dilraboxon Ergashboyeva “Yilning eng faol olima ayoli” nominatsiyasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Ilmiy faoliyatda ham yutuqlarimiz talaygina. Institutda mavjud 5 ta ixtisoslashgan ilmiy kengashlarimiz soni 4 taga ko‘payib, bugungi kunda jami 9 ta ixtisoslashgan ilmiy kengashimiz bor.

Joriy yilda institutimiz jamoasi vakillari 6 nafar –professor, 12 nafar – dotsent,  8 nafar – DSc, 43  nafar – PhD ilmiy daraja va unvonlarga ega bo‘ldi. Jami 60 ta ilmiy ishlar himoyasi o‘tkazildi.

Talabalarimiz ham ustozlar ortidan ergashib, yutuqlarni qo‘lga kiritib bormoqda. Joriy yilda 6 nafar talabamiz Prezident hamda nomdor davlat stipendiyalariga sazovor bo‘ldi. “Samarqand-2020” V Xalqaro tibbiyot oliy o‘quv yurtlari talabalari olimpiadasida ishtirok etgan 20 nafardan ziyod talabalarimiz yuqori o‘rinlar va turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritib qaytdi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi institut boshlang‘ich tashkilotining faol yoshlari “Yil eʼtirofi – 2024” taqdirlash marosimida «Eng fidoiy boshlang‘ich tashkilot» nominatsiyasida g‘olib deb topildi. Bu albatta, yoshlar jamoasining bilimdonligi va jamoatchilik ishlari bo‘yicha faoliyatining natijasidir.

Ayniqsa, yil yakuni xushxabarlarga boy bo‘ldi. Institutimiz davolash ishi (o‘zbek, rus va ingliz tilida), stomatologiya fakultetlari taʼlim dasturlari Qozog‘iston Respublikasining ECAQA markazi tomonidan xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Xalqaro akkreditatsiyadan o‘tganlik to‘g‘risidagi guvohnomalar markaz tomonidan taqdim qilindi. Bu esa institutimiz uchun yuqori natija albatta! Niyat qilamanki, bu kabi yutuqlarimiz kelayotgan yilda yana-da bardavom bo‘ladi.

Aziz hamkasblar, Sizlarni Yangi yil bayrami bilan yana bir bor qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, xonadonlaringizga tinchlik va fayz-u baraka tilayman. Yurtimiz farovon, dasturxonlarimiz to‘kin bo‘lsin! Go‘zal Vatanimizga ko‘z tegmasin! Kelayotgan 2025-yil – “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”da tabiatimiz yashillik, qalbimiz esa yaxshilikka to‘la bo‘lsin!

 

 

Skip to content Click to listen highlighted text!