Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

ANDIJON DAVLAT TIBBIYOT INSTITUTI REKTORINING 1 – OKTABR – O‘QITUVCHI VA MURABBIYLAR KUNI MUNOSABATI BILAN BAYRAM TABRIGI

07:00 01.10.2024

Hurmatli ustoz va murabbiylar! Qadrli faxriylar!

Inson yashaydiki, ilm izlaydi. Xususan, jamiyat va davlat taraqqiyoti, mamlakat qudrati va millat buyukligi ham ilmdandir. Bunda esa ustoz va murabbiylarning o‘rni benihoya katta.

Barcha davrlarda Sizlar kabi fidoyi o‘qituvchi va muallimlar eʼzozlab kelingan. Yangi O‘zbekistonni barpo etishda ham eng asosiy tayanch va suyanch aynan Siz bo‘lasiz.

Muhtaram Prezidentimiz, Shavkat Mirziyoyev taʼbiri bilan aytganda, muallimning obro‘-eʼtibori – bu avvalo millatning, butun xalqning obro‘-eʼtiboridir.

Yangilangan konstitutsiyamizning 52-moddasida “…o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning maʼnaviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi” sifatida belgilab berildi.

Andijon davlat tibbiyot instituti bugungi kunda oliy taʼlim muassasalari qatorida o‘z o‘rni va obro‘siga ega. Bu albatta o‘z-o‘zidan bo‘lgan emas. Siz ustozlarning tinimsiz mehnatingiz, talabalarga ulashayotgan beminnat bilimlaringiz samarasidir.

Bugun institutimizda 934 nafar professor-o‘qituvchilarimiz faoliyat olib borishmoqda, shulardan 58 nafari fan doktori, 237 nafari fan nomzodidir. Mana bularning har biri katta bir bilim manbai desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Agar biz 2024 yilni sarhisob qiladigan bo‘lsak, albatta natijalarimiz salmoqli. 5 ta doktorlik dessertatsiyasi, 31 ta PhD himoya qilindi, 243 nafardan ziyod professor-o‘qituvchilar tomonidan o‘quv qo‘llanma va darsliklar nashr etildi. Bu esa talabalarimizni samarali va ishtiyoq bilan bilim olishlari uchun tuganmas xazina bo‘lib xizmat qilmoqda.

Andijon davlat tibbiyot institutining yangi o‘quv binosining foydalanishga topshirilishi tarixga muxrlashga arziydigan kun bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 21-iyundagi “Yangi Andijon” shaharchasini barpo etish va Andijon viloyatida tadbirkorlikni yana-da qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” PQ-5154-sonli qaroriga asosan institut klinikasi hududidagi 2  gektar yer maydonida barpo etilgan mazkur bino 2000 o‘ringa mo‘ljallangan. Bino 7 qavatdan iborat bo‘lib, har bir qavatda 28 ta xona mavjud. Barcha o‘quv xonalari interaktiv doskalar va zamonaviy o‘quv jihozlari bilan boyitilgan.

Binoda umumiy 12 ta maʼruza zali bor. Binoning 2-qavatida jahon standartlariga mos katta imkoniyatlarga ega simulyatsiya markazi joylashgan. 3-qavat stomatologiya yo‘nalishlari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, eng zamonaviy stomatologik asbob-uskunalar va texnologiyalar bilan jihozlangan.

Binodan asosan klinik kafedralar o‘rin olgan. Institut klinikasi va mazkur o‘quv bino o‘rtasida telemeditsina tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Unda klinikaning xirurgik bo‘limlarida amalga oshirilgan operatsiyalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘quv xonalariga translatsiya qilinadi. Talabalar ushbu jarayonda shifokorga o‘z savollarini berish va unga shu paytning o‘zida javob olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Binoning 5-qavatida 420 o‘rinli faollar zali o‘rin olgan. Garderob, 400 o‘rinli oshxona professor-o‘qituvchilar va talabalarga qulaylik yaratish maqsadida shay holatga keltirildi. Mana shunday imkoniyatlar albatta talabalarning ilm olishlari va siz ustozlarning shijoat bilan faoliyat olib borishingiz uchun xizmat qiladi.

Bugungi bayram bizning jamoamiz uchun ikki karra quvonarli bo‘ldi. Boisi, institutning 4 nafar professor-o‘qituvchisi Sog‘liqni saqlash vazirligining “O‘zbekiston Respublikasi  Sog‘liqni saqlash aʼlochisi” ko‘krak nishoni, 4 nafari tashakkurnoma, 7 nafari Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining “Oliy taʼlim aʼlochisi” ko‘krak nishoni, 1 nafari vazir faxriy yorlig‘i, institut professor-o‘qituvchilarining 40 nafari viloyat hokimi tashakkurnomasi bilan taqdirlandi.  Ushbu yutuqlar bilan barcha ustozlarimizni samimiy qutlayman.

Zamonaviy taʼlim dargohida zamon bilan hamnafas o‘qituvchilarning bilim berishi katta ahamiyatga ega albatta. Joriy yilning o‘zidayoq 34 nafar professor-o‘qituvchilarimiz xorijiy oliy taʼlim muassasalari va tibbiyot markazlarida Xalqaro konferensiyalar, hamkorlik masalalari, olimpiadalar, kongress, ilmiy-amaliy anjumanlarda ishtirok etib kelishdi.  Jumladan, Rossiya, AQSH, Germaniya, Ispaniya, Janubiy Koreya, Turkiya, Ozarbayjon, Shveysariya, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston davlatlari tibbiyot oliy taʼlim muassasalari hamda bir qator klinikalar bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatildi. Shuningdek, 18 nafar institut professor-o‘qituvchilarimiz xorijiy davlatlarda, xususan AQSH. Rossiya, Germaniya, Turkiya, Shvetsiya, Xitoy, Janubiy Koreyada malaka oshirib qaytishdi. Bu ham yoshlarga jahon standartlariga mos tarzda taʼlim berishimiz va bemorlar dardiga davo bo‘lishimiz yo‘lidagi salmoqli ishlarimizdan biridir.

Hurmatli faxriy ustozlar, Sizlarni har gal ehtirom bilan tilga olamanki, Sizning har bir bosib o‘tgan zahmatli qadamlaringiz biz uchun ibrat maktabidir. Mana shu oliy dargohimizni tamal toshini qo‘ygan, biz kabi shogirdlarning bugungi kunda yoshlarga taʼlim berish barobarida bemorlarga shifo ulashishimizda ham ulkan xissangiz bor. Siz yaratgan har bir kitoblar bizlarni cho‘qqilar sari yetaklamoqda. Shu sabab ham sizlarni yoningizga intilaveramiz. Sizni benihoya yaxshi ko‘ramiz!

Qadrli ustozlar!

Zamonaviy, keng fikrlaydigan isteʼdodli kadrlarni yetkazib berishda o‘z xissasini qo‘shib kelayotgan Siz aziz ustoz va murabbiylarni ushbu qutlug‘ kun bilan chin yurakdan tabriklab, barchangizga mustahkam sog‘lik, masʼuliyatli va sharafli faoliyatingizda omad va zafarlar tilayman. Mashaqqatli faoliyatingiz quvonch va yutuqlarga boy bo‘lsin, shogirdlaringiz muvaffaqiyatlari bilan Sizlarni hamisha quvontirib yurishsin, ilm-fanning eng yuqori cho‘qqilarini zabt etishsin!

 

Skip to content Click to listen highlighted text!