Aziz, yoshlar, ertamiz egalari!
Barchangizni 30-iyun – Yoshlar kuni bilan samimiy tabriklab, o‘zimning chuqur mehrim va ezgu tilaklarimni bildirgan holda samimiy muborakbod etaman.
Yoshlik bu – umrning bahori, eng go‘zal davr. Siz mana shu davrning baxtiyor onlarini kechirmoqdasiz. Sizlarning ta’lim olishingiz, ilm o‘rganishingiz va kasbiy faoliyatingizni olib borishingiz uchun mamlakatimizda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bunga esa ko‘plab yoshlarimiz o‘zlarining intiluvchanliklari, izlanuvchanliklari, kuch-g‘ayratlari bilan “labbay” deya, javob bergan holda ulkan yutuqlarga erishib, vatanimiz bayrog‘ini baland tutgan holda hilpiratmoqdalar.
Bizning institutimizda ham faol yoshlar, yosh olimlar, ixtirochilar safi yildan yilga kengayib bormoqda. Jumladan, 2023-yilda Xitoyning Hangjou shahrida bo‘lib o‘tgan Para Osiyo o‘yinlarining suzish bahslarida S13 klassida 100 metr masofaga batterflay usulida suzishda Davolash fakulteti Kasb ta’limi yo‘nalishi 4-bosqich talabasi Muzaffar Tursunxo‘jayev oltin medalga sazovor bo‘ldi. Yoshlar ishlari agentligi tomonidan eng yaxshi volontyorlik loyihalarini moliyalashtirish maqsadida eʼlon qilingan tanlovda Pediatriya fakulteti 4-bosqich talabasi Abdulhamid Haydarov ham «Umid uchqunlari» loyihasi bilan ishtirok etdi va 30 million so‘m pul mukofotiga ega bo‘ldi. “Mirzo Ulug‘bek vorislari” Respublika tanlovida Pediatriya fakultetining 2 nafar talabasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Pediatriya fakulteti talabasi Iroda Axmadbekova ko‘zi ojiz hamda ko‘z nuri past insonlarga mo‘ljallangan “Vision” qurilmasini yaratdi va ushbu loyihasi orqali qator yutuqlarga erishdi.
Joriy o‘quv yilida 5 nafar talabamiz Prezident hamda nomdor davlat stipendiyalari sohibi bo‘ldi. Yana ko‘p sonli talabalarimiz respublika va xalqaro miqyosda katta muvaffaqaiyatga erishib kelmoqda.
Bu meni albatta cheksiz quvonch va iftixorga to‘ldiradi.
Kuni kecha, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan yoshlar siyosati sohasida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi, yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yigʻilishida Davlatimiz rahbari barcha sohada faoliyat olib borayotgan yoshlarning rivojlanishi haqida so‘z yuritdi va yoshlarga ko‘maklashish, ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish – eng xayrli ishligini ta’kidladi.
Albatta, biz ustozlar ham yoshlarning tanlagan sohasini mukammal o‘zlashtirishlari, yetuk mutaxassislar bo‘lib yetishishlariga ko‘maklashishga hamisha tayyormiz.
Qadrli, yoshlar! Aziz, o‘g‘il-qizlarim!
Sizlarning har bir izlanishingiz, mehnatingizni juda qadrlayman va ishonamanki, siz ertangi porloq kelajagimizni bunyodkorlari, yetuk olimlar, ijodkorlar, shifokorlar, muhandislar, tadbirkorlar, hunarmandlar hamda yetuk muallimlarsiz!
Barchangizni bugungi bayram bilan samimiy muborakbod etgan holda, sizlarga ulkan muvaffaqiyatlar tilayman. Parvozingiz hamisha baland bo‘lsin.
Tanlagan yo‘lingiz ochiq, yutuqlaringiz bardavom bo‘lsin!
M.M.Madazimov,
Andijon davlat tibbiyot instituti rektori, professor.