alexa
Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

ANDIJON DAVLAT TIBBIYOT INSTITUTI REKTORINING 8-MART –XALQARO XOTIN-QIZLAR BAYRAMI MUNOSABATI BILAN AYOL-QIZLAR UCHUN BAYRAM TABRIGI

10:41 07.03.2023

Assalomu alaykum,  muhtarama onaxonlar va aziz opa-singillar!

Sizlarni yosharish va yangilanish, o‘zingiz kabi go‘zal bahor faslining avvalida nafosat bayrami bo‘lib, nishonlanadigan 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Ayol so‘zi ona so‘zi bilan egiz tushuncha. Har bir ayoldan onalar kabi mehribonlik, sarishtalik, mehr va nur taralib turadi. Ularning har bir qadami yetgan manzil obod va fayzli bo‘ladi. Barchangiz oilalaringiz chirog‘i, institutimiz gulisizlar.

Bugungi kunda mamlakatimizda ayol-qizlarni har taraflama qo‘llab-quvvatlash maqsadida ko‘plab imkoniyatlar yaratilgan.

Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida ham xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada ularning taʼlim va kasbiy ko‘nikmalar olishlari, munosib ish topishlariga har tomonlama ko‘maklashish asosiy masalalardan biri etib belgilangan. Xususan, 2022-yil mart oyida prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ayollarning salomatligini tiklash va ularga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ham qator tadbirlar amalga oshirilishi belgilangan edi.

Jumladan, 2022-2025-yillarda 227 ta tug‘ruq kompleksi hamda 46 ta tumanlararo perinatal markazlari to‘liq taʼmirlanadi va jihozlanadi, 9-12 yoshdagi o‘smir qizlarni odam papillomasi virusiga qarshi emlash va boshqa 12 turdagi vaksinalar uchun 200 milliard so‘m ajratiladi, tug‘ish yoshidagi, homilador va bola parvarishidagi ayollarni dori va vitaminlar bilan bepul taʼminlash ko‘lami kengaytirilib, mablag‘lar hajmi 30 milliard so‘mdan 100 milliard so‘mgacha oshirilishi belgilangan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yana-da jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida oliygoh, texnikum va kollejlarda o‘qiyotgan qizlarga taʼlim kontraktlarini to‘lash uchun, ilk marotaba, 7 yil muddatga foizsiz kredit berish, magistraturada o‘qiyotgan qizlarning kontrakt pullari to‘liq byudjetdan qoplab berish, har yili 50 nafar qizlar nufuzli xorijiy oliygohlarga bakalavr va 10 nafari magistraturaga yuborish, har bir viloyatda ehtiyojmand oila vakillari, ota yoki onasini yo‘qotgan 150 nafar qizlarning taʼlim kontraktini mahalliy byudjetdan to‘lab berish, yosh farzandi bor talaba-qizlarga masofaviy o‘qishga sharoit yaratish, doktorantura yo‘nalishida xotin-qizlar uchun har yili kamida 300 tadan maqsadli kvota ajratilishi belgilab qo‘yilgan.

Hurmatli, talaba-qizlarim!   Bugun oliygohimizning Magistratura bosqichida 132 nafar, bakalavriat bosqichida 3590 nafar, bulardan 161 nafari xorijlik talaba-qizlar  tahsil olmoqda. Ularning darsdan bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish uchun 70 dan ziyod  ilmiy, kasbiy, ijtimoiy to‘garaklar, ijodiy markazlar ish olib bormoqda. Bularning barchasi gender tenglikni taʼminlash siyosatini davom ettirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, qo‘llab-quvvatlashga doir islohotlarni amalga oshirishga xizmat qilmoqda. Talaba qizlarning  o‘zini o‘zi boshqarish, kasbga va hunarga yetaklash, oilaga tayyorlovchi ko‘p tarmoqli  “Qizlarjon” klubi faoliyat yuritmoqda. Ingliz, rus tili, notiqlik sanʼati, yosh olima qizlar, chevarchilik, pazandalik, to‘quvchilik  to‘garaklarida o‘z bilimlarini tengdoshlariga o‘rtoqlashib, fikr almashishmoqda.

Talabalar  turar joyida  har  payshanba  “Qizlar  kuni” deb belgilangan. Sog‘lom avlodni tarbiyalashda keksa yoshdagi soha mutaxassislarning boy kasbiy va hayotiy tajribasi, ezgu anʼanalaridan samarali foydalanish yo‘lga qo‘yilgan.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning talaba-qizlari masalasi ham faoliyatimizning asosiy vazifalaridan biridir. Ularga muntazam   ijtimoiy-huquqiy, psixologik yordam ko‘rsatib, manzilli qo‘llab-quvvatlab boryapmiz. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ota-onasi yoki uning biridan ayrilgan muhtoj qizlar va boquvchisi yo‘q yolg‘iz ayollar oliy taʼlim olishini moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida viloyat hokimligi tomonidan 17 nafar, institutimiz tomonidan 18 nafar talaba qizlarni shartnoma pullari to‘lab berildi.

Institutmizda talabalarga yaratilayotgan shart-sharoitlardan unumli foydalanayotgan  qizlarimiz qator Respublika va Xalqaro tanlovlarda munosib ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni egallab kelishmoqda. Xususan, Pediatriya fakulteti 5-bosqich talabasi Qo‘ldasheva Gulshodaxon Qahramonjon qizi Islom Karimov nomli davlat stipendiyasi sohibasi bo‘ldi. Farmatsiya fakulteti  talabasi Oygul Xakimova “Yil talabasi – 2022” Respublika ko‘rik-tanlovining final bosqichida ishtirok etib sovrindor bo‘ldi. Ginekologiya yo‘nalishi 3-bosqich magistranti Kamola Rahimova “Zulfiya” nomidagi davlat mukofotining respublika bosqichiga yo‘llanma oldi. Bundan tashqari joriy yilning fevral oyida Qirg‘iziston Respublikasi Bishkek shahrida “Ch.K.Kalkanbayeva” nomli III xalqaro talabalar olimpiadasida  1-Akusherlik-ginekologiya kafedrasining talaba-qizlaridan tarkib topgan “Emadus” jamoasi ham munosib ishtirok etib, faxrli o‘rinni egalladilar. Biz bundan behad quvondik va faxrlandik. Bu kabi faol va intiluvchan qizlarimiz o‘zlarining bilim hamda zakovati bilan jamiyatimiz ravnaqiga  munosib hissa qo‘shishlariga ishonaman va bu yo‘lda ularni doimo qo‘llab-quvvatlayman. Ishonamanki, bu yil davomida erishadigan muvaffaqiyatlaringizning debochasidir.

Yana shuni ham faxr bilan aytish mumkinki, Andijon davlat tibbiyot institutida 388 nafar ayol professor-o‘qituvchilar bor. Shundan 10 nafari fan doktori, 86 nafari fan nomzodi, 96 nafari ilmiy darajaga ega professor-o‘qituvchilardir. Sizlarning erishayotgan yutuqlaringiz menga kuch bag‘ishlaydi.

Institutimizda faoliyat olib borayotgan olima ayollarimizning bugungi kunda erishayotgan yutuqlari tibbiyotimiz rivoji uchun xizmat qilmoqda. Yoshlarning istiqbolini o‘ylab qilayotgan zaxmatli mehnatingiz taxsinga sazovor albatta!

Aziz ayollar, hurmatli hamkasabalar, qadrli talaba-qizlarim! Sizning borligingiz bizning eng katta boyligimizdir. Sizlar doimo bizning hurmatimiz va ardog‘imizdasiz. Sizlarga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, bahoriy go‘zallik, kasbiy faoliyatingizda esa ulkan  zafarlar tilayman.

Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz opa-singillar!

Andijon davlat tibbiyot instituti

rektori M.M.Madazimov

Skip to content aasaaasaasas Click to listen highlighted text!