Skip to content ANDIJON DAVLAT TIBBIYOT INSTITUTI REKTORINING NAVRO‘Z UMUMXALQ BAYRAMI MUNOSABATI BILAN BAYRAM TABRIGI – Andijon davlat tibbiyot instituti
Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

ANDIJON DAVLAT TIBBIYOT INSTITUTI REKTORINING NAVRO‘Z UMUMXALQ BAYRAMI MUNOSABATI BILAN BAYRAM TABRIGI

06:20 21.03.2025

Assalomu alaykum, hurmatli institutimiz jamoasi!

Qadrli professor-oʻqituvchilar, ishchi-xodimlar, aziz talabalar!

Bahor – yangilanish, yosharish fasli. Ayni shu fasl avvalida xalqimizning azaliy bayrami bo‘lgan – Navro‘z keng nishonlanadi.

Navroʻz bayrami oʻzida azal-azaldan dillarimizga mehr-oqibat, bagʻrikenglik, saxovatpeshalik kabi goʻzal tuygʻularni jo etib, yurtimizga fayz-u baraka, xonadonlarimizga shod-u xurramlikni olib kelishi bilan xalqimiz ongu shuuriga chuqur singib ketgan.

Bu bayramni shukronalik va yaxshi tilak bayrami desak ham mubolag‘a bo‘lmaydi. Yoshi ulug‘lar avvalo ko‘klamga qavm-u, qarindoshlar bilan sog‘-omonlikda yetkazganiga shukronaliklar bildiradilar va yil boshida mo‘l-ko‘llik, hosillarga baraka tilab duo qiladilar.

Shuni alohida qayd etish kerakki, Navro‘z kunlarida hatto davlatlar o‘rtasidagi urush-janjallar to‘xtagan. Insonlar o‘rtasidagi gina-kuduratlar unutilgan. Ota-bobolarimiz «Hamal keldi – amal keldi» deb bekorga aytishmagan. Qadimdan ayni Navro‘zda keksalarimiz yerga don sepishga, urug‘ qadab ekin ekishga duo-yu, fotiha berishgan. Doshqozonlarda sumalak va halimlar tayyorlangan. Bayram dasturxoni turli xil Navro‘z taomlari, pishiriqlari va shirinliklari bilan to‘ldirilgan. Xalq o‘yinlari va tomoshalari ko‘rsatilgan. Xalq o‘zining og‘zaki ijodini, sanʼatini va milliy qadriyatlarini namoyish etgan. Biz faxr bilan ayta olamizki, bu anʼanalar bugungi kunda ham davom etmoqda va hatto zamonaviy tus olib, yana-da boyib milliy o‘zligimizni saqlab qolishga xizmat qilmoqda. Davlatimiz yuritayotgan oqilona siyosatning maqsadi ham mana shu ezgulikka qaratilgandir.

Shuning uchun ham Navro‘z butun Respublikamiz bo‘ylab har bir viloyat, tuman, shahar va qishloqlarda, hatto tabiat qo‘ynida ommaviy sayllar uyushtirilgan holda nishonlanmoqda. Siz bilan biz mustaqillikdan boshlab har yili buning guvohi bo‘lib kelayapmiz. Istaymizki, ajdodlarimizdan yetib kelgan Navro‘zimiz – o‘zimizning Yangi yilimiz va u bilan bog‘liq milliy qadriyatlarimiz abadiy bo‘lsin!

Bu yilgi Navro‘z ramazon oyiga to‘g‘ri kelganligi bilan ham o‘ziga xosdir. So‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy shunga mos qilib ulug‘ tilak aytib o‘tgan edi. Men so‘zimni mana shu ezgu tilak bilan yakunlamoqchiman:

Har tuning qadr o‘libon,
Har kuning bo‘lsin Navro‘z !

Mana shunday ulug‘ va fayzli bayram sizlarga, siz orqali oila aʼzolaringiz hamda barcha yurtdoshlarimizga muborak bo‘lsin deyman! Har kuningiz Navroʻzdek shukuhli va quvonchli boʻlsin.
Navroʻzi olam yana bir bor qutlug‘ boʻlsin, aziz yurtdoshlar!

M.M.Madazimov,
Andijon davlat tibbiyot instituti rektori, professor.

adti.uz
Would like to send you notifications