Bugun, 9-sentabr kuni respublikamizning barcha oliy ta’lim muassasalari qatori Andijon davlat tibbiyot institutida ham «Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz» shiori ostida bayram tadbiri bo’lib o’tdi. Tadbirda institut rahbariyati, professor-o’qituvchilar, talabalar hamda ularning ota-onalari ishtirok etdi.
Tantanali tadbirni Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonov kirish so‘zi bilan ochib berdi va barcha birinchi bosqichga qabul qilingan talabalarni samimiy qutladi. Ota-onalarga farzandlarini orzu, maqsadlariga yetishlarida qo‘llab-quvvatlayotganliklari uchun minnatdorchilik bildirdi.
Shundan so‘ng, institut rektori M.Madazimov so’zga chiqib, tadbir ishtirokchilarini yurtimiz mustaqilligining 33 yilligi hamda yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan barchani samimiy muborakbod etdi. Rektor so’zi davomida institut tarixi hamda hozirgi kundagi salohiyatiga ham to’xtalib o‘tdi. Mazkur dargoh bitiruvchilari munosib hamda yetuk mutaxassis bo’lishi kerak ekanligini ta’kidladi. Buning uchun esa barcha sharoitlar mavjudligi, talabalardan ustozlar tomonidan berilgan bilimlarni mustahkam o‘zlashtirib, o‘qib, o‘rganish talab etilishi aytib o‘tdi.
Tadbirda joriy yildagi test sinovlarida yuqori ballni qo’lga kiritib, Andijon davlat tibbiyot institutiga o’qishga tavsiya etilgan talabalarga esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
Shuningdek, tadbir davomida institut professor-o’qituvchilari, ota-onalar hamda talabalar ham so’zga chiqib, o’z fikrlari bilan o’rtoqlashdi. Tadbir davomida yangragan kuy-qo‘shiqlar barchaga yana-da ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.