Bugun, 21-iyun kuni Andijon davlat tibbiyot institutining 2023-2024-o‘quv yilida bakalavriat hamda magistratura bosqichini tamomlayotgan 1762 nafar bitiruvchining “Bitiruv bayrami” bo‘lib o‘tdi.
Bayram avvalida O‘zbekiston Respublikasi Davlat Madhiyasi ijro etildi. Tadbirning ochilish marosimida Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonovning bitiruvchilarga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi.
Shundan so‘ng, so‘z olgan Andijon davlat tibbiyot instituti rektori M.Madazimov bitiruvchilarni “Shifokor” degan sharafli nomga sazovor bo‘lganliklari bilan tabrikladi. Ularning kelajakda ustozlardan olgan bilimlarini yanada boyitib, vatanimizning tibbiyot sohasidagi rivojlanishiga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shishlariga ishonch bildirdi.
Tadbir davomida bitiruvchilarga diplom hamda o‘quv yili davomida faollik ko‘rsatgan bitiruvchilarning ota-onalariga tashakkurnomalar topshirildi.
Yosh shifokorlar o‘z oldilarida turgan mas’uliyatli va sharafli vazifalariga kirishishlaridan oldin ish faoliyatlari davomida vijdonan, halol mehnat qilib, xalq salomatligi yo‘lida borki kuch-g‘ayratini ayamasliklari uchun “O‘zbekiston Respublikasi shifokori qasamyodi”ni qabul qildilar.
Bayram tadbiriga xushovoz xonandalarning sho‘x qo‘shiqlari yanada ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Barcha bitiruvchilarni ushbu quvonchli kun bilan muborakbod etamiz. Oq yo‘l sizga yosh shifokorlar!