Bugun, 6-dekabr kuni Andijon davlat tibbiyot institutida 9-dekabr — Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuniga bag‘ishlab “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri o‘tkazildi. Tadbirda, institut prorektorlari, professor-o‘qituvchilari, talabalar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni institut rektori M.Madazimov kirish so‘zi bilan ochib, mamlakatimizda so‘nggi yillarda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish, jamiyatda qonun ustuvorligini taʼminlash ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratilayotganligi, korrupsiyaga qarshi kurashda ta’lim muassasalarining mas’uliyati va yoshlarning halollik tamoyillariga amal qilishi zarurligi haqida so‘z yuritdi.
Shuningdek, tadbirda Andijon viloyati Prokuraturasining mas’ul xodimi S.Baxodirov, viloyat Adliya boshqarmasi bosh mas’ul xodimi S.O‘rmonov hamda institutning Korrupsiyaga qarshi kurashish va Komplayens nazorat tizimini boshqarish bo‘limi boshlig‘i S.Asqarov nutq so‘zlab, korrupsiyaning salbiy oqibatlari va uni oldini olish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar haqida fikr bildirdilar.
Mazkur oylik davomida institutda tahsil olayotgan talaba-yoshlar o‘rtasida qator tanlov va bilimlar bellashuvlari o‘tkazilgan bo‘lib, g‘olib va sovrindorlar esdalik sovg‘alari hamda pul mukofotlari bilan taqdirlandi. Tadbirning asosiy maqsadi – ta’lim muassasasida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni oldini olish hamda yosh avlod ongida adolatlilik, halollik, insoniylik fazilatlarini shakllantirishdan iborat bo‘ldi.