Andijon davlat tibbiyot institutida «Tibbiyotda innovatsiyalar» mavzusidagi ilmiy-amaliy videokonferensiya bo‘lib o‘tdi

image_pdfYuklab olish (pdf)image_printChop etish versiyasi

Andijon davlat tibbiyot institutida  “O‘zbekiston Respublikasining 2021 yilgacha innovatsion rivojlanish strategiyasi” to‘g‘risidagi Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida “Tibbiyotda innovatsiyalar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy videokonferensiya o‘tkazildi.

Videokonferensiyada Qozog‘iston, Qirg‘iziston davlatlari hamda respublikamizdagi tibbiyot oliygohlaridan yosh olimlar, magistrlar va talabalar ishtirok etdilar. Jumladan Qirg‘iziston davlat tibbiyot akademiyasi, Qozog‘iston-Rossiya tibbiyot universiteti, O‘sh davlat universiteti, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, Andijon davlat tibbiyot instituti jamoalari konferensiya doirasidagi 1- xalqaro simulyatsion ko‘nikmalar talabalar olimpiadasida qatnashdilar. 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Andijon viloyat Kengashi, Andijon davlat tibbiyot instituti hamkorlikda tashkil etilgan konferensiya ishtirokchilarning o‘zgacha taraddudi va ko‘tarinki kayfiyati bilan boshlandi.

Konferensiya ishini ADTI ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, professor G‘ulomiddin Hodjimatov ochib berdi va barcha qatnashchilarga muvaffaqiyat tiladi.

Shundan so‘ng, xorijlik mehmonlardan O‘sh davlat universitetidan professorlar J.Muratov, S.Shatmanov, Qozog‘iston –Rossiya universiteti  dotsenti  Amantaeva, Xalqaro oliy tibbiyot maktabi dotsenti A. Asmanova va boshqalar so‘zga chiqishib, konferensiya tashkilotchilariga samimiy minnatdorchiliklarini bildirishdi va ADTI rahbariyatiga esdalik sovg‘alarini topshirishdi.

Ilmiy kengashlar  zalida  yosh olimlar va talabalarning rus, o‘zbek, ingliz tillaridagi taqdimot ma’ruzalari bo‘lib o‘tdi. E’tiborlisi, konferensiyada xorijlik talabalar onlayn ma’ruzalari bilan ham qatnashdilar.

Professor-dotsentlardan  iborat nufuzli hay’at a’zolari ma’ruzalarni baholashda ularning dolzarbligiga, maqsad va vazifalarning aniq belgilanganligi va xulosalarning isbotlanganligi  hamda boshqa bir qator jihatlarga katta e’tibor qaratdilar.

Olimpiadada Osh Davlat Universitetidan rus va ingliz tilida so‘zlashuvchi 2 ta jamoa, Qozoq-Rossiya tibbiyot universiteti, Qirg‘iziston davlat tibbiyot Akademiyasi, Xalqaro Oliy Tibbiyot maktabi hamda Andijon davlat tibbiyot institutidan davolash va pediatriya fakultetlari talabalaridan iborat  jamoalar ishtirok etdilar. Olimpiada tashkil etilishida Andijon davlat tibbiyot instituti ma’muriyati, jumladan, Anatomiya, klinik anatomiya kafedrasi mudiri, dotsent Zafarbek Abdurahmonovich Qaxarov, shu kafedra assistenti Carvinoz Abduvorisovalar faollik ko‘rsatishdi.

Olimpiada jarayonida talabalar xirurugik choklar qo‘yish, pediatriya va neonotologiya amaliy ko‘nikmalari, reanimatsiya va anesteziologiyada o‘pka-yurak reanimatsiyasi, traxeyaga intubatsiya qo‘yish, shoshilinch tez tibbiy yordam yo‘nalishlarida 8 ta nominatsiya bo‘yicha bellashdilar.

Olimpiadaga kelgan mehmonlar – tibiyot yo‘nalishlari bo‘yicha taniqli olimlar bunday olimpiadalar Turkiy xalqlar do‘stlik aloqalarini yanada mustaxkamlashga xizmat qilishi, hamda Andijon davlat tibbiyot institutida talabalarga yaratilgan imkoniyatlar va tibbiyotda birinchi bo‘lib hayvon organlari biologik materillariga xirurugik choklar qo‘yish aynan shu oliygoxda bo‘layotganligini e’tirof etdilar.

Talabalar o‘z bilim va ko‘nikmalarini erkin ko‘rsata olganliklaridan va yangi do‘stlar orttirganlaridan mamnun bo‘ldilar .

Hay’at a’zolarining xulosalari ko‘ra konferensiyada   1-darajali diplom bilan – Andijon davlat tibbiyot instituti vakili Shohruhbek Ahmadaliev;

2-darajali diplom bilan – O‘sh davlat universiteti rus fakulteti vakili Barno Inamova;

3-darajali diplom bilan – Toshkent pediatriya tibbiyot instituti vakili Munisa Karimova taqdirlandi.

«Tibbiyotda innovatsiyalar» mavzusidagi ilmiy-amaliy videokonferensiyaning «Eng yaxshi doklad» nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib – Toshkent Tibbiyot akademiyasi vakili Shahlo Gulomova;

«Eng yaxshi innovatsion g‘oya» nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib – Al-Farobiy nomidagi Qozog‘iston milliy universiteti vakili Bisen Aygerim;

«Eng yosh ilmiy tadqiqotchi» nominatsiyalari bo‘yicha g‘olib – Samarqand davlat tibbiyot instituti vakili Sevara Ramazonova deb e’tirof etildi.

Videokonferensiya doirasida institut Yosh olimlar Kengashining faol a’zolaridan tashkil topgan anesteziologlar, reanimatologlar va intensivistlar klubi tomonidan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishga bag‘ishlangan “workshop” bo‘lib o‘tdi.

“Workshop” yakunida “SOG‘LOM HAYOT” deb nomlangan intellektual o‘yin o‘tkazildi.

Tadbirga tashrif buyurgan xorijiy mehmonlar shahrimizning tarixiy, diqqatga sazavor joylariga tashrif buyurdilar.

«Tibbiyotda innovatsiyalar» mavzusida ilmiy-amaliy videokonferensiya o‘z ishini muvaffaqiyatli yakunladi.

ADTI axborot xizmati.

308