Skip to content ANDIJON DAVLAT TIBBIYOT INSTITUTIDA XALQARO ANJUMAN VA FAN OLIMPIADASI O’TKAZILDI – Andijon davlat tibbiyot instituti
Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

ANDIJON DAVLAT TIBBIYOT INSTITUTIDA XALQARO ANJUMAN VA FAN OLIMPIADASI O’TKAZILDI

18:55 09.04.2025

Bugun, 9-aprel kuni Andijon davlat tibbiyot institutida “Tibbiyotning dolzarb muammolariga innovatsion yondashuv” mavzusida talabalar va yosh olimlarning ilmiy-amaliy anjumani hamda “Andijon-2025” I xalqaro talabalar fan olimpiadasi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Davron Sultonov, Sog‘liqni saqlash vazirligining Fan va ta‘lim bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Gulnora Yusupaliyeva, tibbiyot fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi, Nyu-York fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzosi, Rossiya ijtimoiy fanlar akademiyasining muxbir aʼzosi, Andijon davlat tibbiyot institutining faxriy rektori Mamazair Xo‘jamberdiyev, institut rektori M.Madazimov boshchiligida institut jamoasi, Janubiy Qozog‘iston tibbiyot akademiyasi rektori Janna Seytjanova, respublika va xalqaro tibbiyot oliy ta’lim muassasalari rektorlari, professor-o‘qituvchilar va talabalar ishtirok etdi.

Tantanali tadbir institut rektori M.Madazimovning kirish so‘zi bilan ochildi.

“Aziz talabalar, aziz hamkasblar, do‘stlar!

Barchangizni «Tibbiyotning dolzarb muammolariga innovatsion yondashuv» mavzusida talabalar va yosh olimlarning xalqaro ilmiy – amaliy anjumanida kutib olishdan mamnunman.

Respublikamizning eng mashhur shaharlaridan biri Andijon shahriga xush kelibsiz! Andijon davlat tibbiyot instituti tibbiyot oliy o‘quv yurtlari talabalari va yosh olimlariga xalqaro ilmiy almashinuv imkoniyatini taqdim etish uchun ko‘p marotaba qo‘lidan kelganini qilmoqda! Bu safar o‘zgacha talqinda bo‘lib o‘tadi – bizning institutimiz bu yil o‘zining 70 yilligini nishonlamoqda!

Biz butun dunyo bo‘ylab yosh va iqtidorli tadqiqotchilarga o‘z yutuqlarini taqdim etish, o‘z g‘oyalari va qarashlari bilan o‘rtoqlashish, tibbiyot sohasidagi bilimlarini baham ko‘rishga tayyor bo‘lgan boshqa iqtidorli talabalar bilan uchrashishlari mumkin bo‘lgan mavzuli bo‘limlarda qatnashish imkoniyatini berishga intilamiz. Ushbu tadbir siz uchun yangi bilimlar, do‘stlar orttirish va fikrlash ufqingizni kengaytirish uchun sabab bo‘ladi!

Andijon davlat tibbiyot instituti o‘rta Osiyodagi eng qadimgi tibbiyot oliy o‘quv yurtlaridan biri hisoblanadi. Institut professor-o‘qituvchilari har doim taraqqiyot bilan hamnafas bo‘lib, pedagogik va ilmiy-tadqiqot faoliyatini birlashtirib, universitet ta’limiga yuqori ahamiyat berib, uning kengligi, asosliligi va malakasini ta’minlagan.

Anjuman o‘tkaziladigan joy Andijon bo‘lib, unutilmas tarixiy lahzalarga to‘la shahar. Hozirda bizning shahrimiz butunlay yangilanmoqda va mehmonlar uchun yangi tomondan ochilmoqda. Infratuzilmani rivojlanishi, ta’lim va shaharning madaniy merosiga g‘amxo‘rlik sayyohlarni hayratda qoldiradi. Umid qilamanki, siz, aziz mehmonlarimiz uchun bizning shahrimizga tashrif buyurish qiziqarli va hayajonli bo‘ladi.

Anjuman va olimpiada ishida barchangizga omad va muvaffaqiyatlar tilayman!”

Shuningdek, tadbirning tantanali ochilish marosimida respublika va xalqaro miqyosdagi mehmonlar onlayn va oflayn tarzda tabriklar yo‘llandi.

Anjuman qatnashchilari 6 ta yo‘nalish bo‘yicha 31 ta ma’ruzalarni taqdim etdi.

Olimpiada test va vaziyatli masalalarni yechish, baholash, amaliy ko‘nikmalar bosqichlarida o‘tkazildi. Unda respublikamizning barcha davlat va nodavlat tibbiyot oliy ta’lim muassasalari, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya Federatsiyasi, Hindiston, Pokiston davlatlaridan jami 40 nafardan ziyod talabalar ishtirok etdi.

Yakunda barcha yo‘nalishlar bo‘yicha 1-, 2-, 3-o‘rinni egallagan qatnashchilar aniqlandi va munosib taqdirlandi.

 

adti.uz
Would like to send you notifications