Bugun, respublikamizning barcha hududlarida milliy qadriyatlarimizni ulug‘lash, yoshlar orasida milliy kiyimlarni targ‘ib qilish maqsadida “Xon atlas” festivali bo‘lib o‘tmoqda.
Xususan, Andijon davlat tibbiyot institutida ham festival chinakam bayram tarzida o‘tkazilmoqda. Tadbirning ochilish marosimida Ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i A.Abduhalimov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Andijon viloyat hududiy boshqarmasi yetakchi mutaxassisi F.Rustamova, Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi, institut Xotin-qizlar maslahat kengashi raisi G.Xolmatova va institut jamoasi, talabalar ishtirok etdi.
Unda so‘z olganlar o‘zining uzoq yillik tarixiga ega bo‘lgan atlas matosi, unda xalqimizning ming asrlik oʻtmishi, qadimiy urf-odat va anʼanalari, didi, estetik qarashlari aks etganligi haqida so‘z yuritdilar. Shuningdek, ushbu matodan tikilgan liboslar o‘zbek qizlarining chiroyiga yana-da, go‘zallik baxsh etishini aytib o‘tdilar.
Shundan so‘ng, tadbirning badiiy qismiga navbat berildi. Iqtidorli talaba-qizlar tomonidan ijro etilgan o‘lan-u, laparlar tadbirga yanada ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Milliy liboslar namoyishida esa bir-biridan bejirim liboslar taqdim etildi.
Tadbir qatnashchilari fakultetlar tomonidan tayyorlangan milliy hunarmandchilik namunalaridan bahramand bo‘lishga taklif etildi. Hakamlar hay’ati a’zolari tomonidan ushbu ko‘rgazma baholanib, g‘oliblar institut rektorining maxsus sovg‘alari bilan taqdirlanadi.