O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 15–16-aprel kunlari Andijon viloyatiga amalga oshirgan tashrifi davomida ilgari surilgan tashabbuslar va berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida 21-sonli bayonning 40-bandida Andijon davlat tibbiyot institutining Namangan filialini tashkil etish vazifasi belgilab berilgan edi.


Mazkur vazifani hayotga tatbiq etish doirasida Namangan tumani Qumqo‘rg‘on mahallasida joylashgan “Namangan sharq tillari va xizmat ko‘rsatish” texnikumi binosi Andijon davlat tibbiyot instituti Namangan filiali uchun o‘quv majmuasi sifatida ajratildi. Hozirda ushbu binoda joriy ta’mirlash ishlari qizg‘in sur’atlarda davom etmoqda.


Bugun, 31-iyul kuni ta’mirlash jarayoni holati bilan tanishish maqsadida Andijon davlat tibbiyot instituti rektori M. Madazimov, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor B. Abdullajonov mazkur binoda bo‘lib, amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
O‘rganish jarayonida rektor qurilish tashkilotlari va texnikum ma’muriyati vakillari bilan uchrashib, ta’mirlash ishlarini belgilangan muddatda hamda yuqori sifatda yakunlash bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar hamda amaliy tavsiyalarini berdi.

Ta’kidlash joizki, yangi o‘quv yilidan boshlab mazkur binoda ta’lim jarayonining boshlanishi talabalar uchun zamonaviy va qulay sharoitlar yaratadi. Yangi bino filial faoliyatining samaradorligini oshirish, professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadi.

