Andijon viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi, Andijon davlat tibbiyot instituti hamda Z.M.Bobur nomidagi viloyat Axborot resurs markazi hamkorligida “O‘zbekiston, xususan Andijon tibbiyoti rivojlanish boshida” mavzusida xotira kechasi o‘tkazildi.
Viloyat axborot resurs markazida bo‘lib o‘tgan tadbirda sohaning yetuk mutaxassislari, Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor S.Salohiddinov, professor-o‘qituvchilar, dekan o‘rinbosarlari, tyutorlar hamda talabalar ishtirok etdi.
Tadbirda dastlab, rossiyalik mahoratli xirurg V.Voyno-Yasinenskiy hayoti, faoliyati, yozib qoldirgan boy asarlarini alohida eslab, xotirlandi. Shuningdek, ko‘plab buyuk shifokorlar tibbiyot sohasi, ayniqsa, Andijon viloyati tibbiyotiga ulkan hissa qo‘shgan kasb fidoyilari shogirdlar va hamkasblar tomonidan eʼtirof etilib, yodga olindi. Shuningdek, Andijon davlat tibbiyot instituti tarixi, uning qad rostlashida katta hissa qo‘shgan Yusuf Otabekov, Rahim Nurmuhammedov, Satqul Djumabayev kabi fidoyi yurtdoshlarimiz, mahoratli shifokorlarning alohida xizmatlari eʼtirof etilib, ular bilan o‘tgan faoliyat jarayonidagi qiziqarli va ibratli voqealar hikoya qilindi.
“- Andijon davlat tibbiyot institutining ikkinchi rektori Yusuf Otabekov viloyatimizda klinika va ko‘p tarmoqli poliklinikalar qurilishiga boshchilik qildi. Buyuk bobokalonimiz Abu Ali ibn Sinoning byustini yaratdi va butun dunyo uni Abu ali ibn Sinoning o‘ziga o‘xshagan ekanligini eʼtirof etdi. Yu.Otabekov ushbu byust haqida uchta tilda rangli foto albom tayyorlab, Ispaniyada 1980-yilda taqdimot o‘tkazdi. Ko‘plab shogirdlar tarbiya qildi”-dedi, Umumiy gigiyena kafedrasi mudiri, dotsent M.Soliyeva.
Tadbir ishtirokchilari bu kabi xotira kechlarining ko‘plab o‘tkazilishi bo‘lajak shifokorlarga ham tibbiy, ham hayotiy saboq bo‘lishini aytib o‘tdilar. Tashkilotchilar kechada ishtirok etgan shifokorlarni kasb bayramlari bilan tabriklab, soha rivojiga salmoqli hissa qo‘shish yo‘lida aslo charchamay, yetuk mutaxassislarni yetishtirib chiqarishlariga tilak bildirdilar.