2019-yil 7-iyun kuni Andijon shahridagi muhtasham Yoshlar saroyida “Profilaktik tibbiyot: bugun va ertaga” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘z ishini boshladi.
Konferensiyada jahonning turli mamlakatlaridan hamda respublikamizning barcha viloyatlaridan taniqli olimlar, mutaxassislar, fan doktorlari, sog‘liqni saqlashning yuqori malakali tashkilotchilari ishtirok etdilar.
Anjumanni Andijon davlat tibbiyot instituti rektori, professor M.Madazimov ochib, barcha yig‘ilganlarni qizg‘in tabrikladi va anjuman ishini ochiq deb e’lon qildi.
Shundan so‘ng, viloyat hokimi Sh.Abdurahmonov, O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri A.Shadmanov, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti professori, respublika morfologiya monotematik kengash raisi Sh.Ahmedovlar so‘zga chiqishib, tabrik nutqlarini so‘zladilar.
Shuningdek, konferensiyaning plenar yig‘ilishida ADTI professori, akademik N.Mamasoliev “Yuqumli bo‘lmagan kasalliklar skriningi va profilaktikasi: 2019-yil innovatsiyalari global yakunlari”, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi professori R.Mamutov “O‘tkir miokard infarkti Milliy registrini yaratish istiqbollari”, hindistonlik mutaxassis Sunil Prakash “Buyrak transplantatsiyasi: davolanmaydiganni davolash”, professor A.Yuldashev “Ichaklar normal mikrobiosenozi – barkamol rivojlanish va kasalliklar profilaktikasi asosi”, AQShning Michigan universiteti professori A.Dadaboev “Turli surunkali og‘riqlarda ratsional farmakoterapiya prinsiplari”, shuningdek, boshqa soha mutaxassislari ham dolzarb mavzularda ma’ruza qildilar.
Kunning ikkinchi yarmida, anjuman 4 ta seksiyaga bo‘lingan holda: ADTI ilmiy kengashlar zali, birinchi va ikkinchi ma’ruzalar zallarida o‘z ishini davom ettirdi.
Anjuman yuqori ilmiy ruhda va taassurotlarga boy tarzda o‘tmoqda.