Bugun, 17-dekabr kuni Andijon davlat tibbiyot institutida Xotin-qizlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan Milliy gvardiya Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi bilan hamkorlikda “To‘maris izdoshlari” nomli milliy ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.
Tanlovda Hakamlar hay’ati sifatida institut rektorining Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi G.Xolmatova, Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i A.Abduxalimov, institutning Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha profilaktika katta inspektori G.Abduvoxidova hamda tadbir mehmonlari Andijon viloyatidagi 89/65-harbiy qism Xotin-qizlar bilan ishlash bo‘limi katta ofitseri, leytenant A.Po‘latova, harbiy qism psixologi D.Bekmurodov qatnashdi.
Tadbirni institutning Xotin-qizlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i G.Xolmatova kirish so‘zi bilan ochib berdi va xotin-qizlarning umuminsoniy, milliy hamda oilaviy qadriyatlarini mustahkamlash, vatanparvar qizlarning ijtimoiy faolligini yanada oshirish dolzarbligi, xotin-qizlarni buyuk ajdodlarimiz ibratli tarixi, Vatanga muhabbat, ezgulik, rahmdillik, halollik, mehnatsevarlik, tadbirkorlik va fidoyilik singari xalqimizning ko‘p asrlik anʼanalarini hurmat qilish ruhida tarbiyalash muhimligini ta’kidladi. Bu borada dadil qadam tashlagan tanlov qatnashchilariga esa muvaffaqiyat tiladi.
Tanlovda Davolash fakultetining “Davolash yulduzlari”, Pediatriya fakultetining “Shijoat”, Farmatsiya fakultetining “Farm one” hamda Stomatologiya fakultetining “To‘maris izdoshlari” jamoasi ishtirok etdi.
Tanlov qatnashchilari 4 ta “Jamoani tanishtirish”, “Sport bilan hamnafasmiz”, “Birinchi tibbiy yordam”, “Vatanparvar qiz madhi” shartlari bo‘yicha bellashib, o‘z mahoratlarini namoyon etdi. Hakamlar tomonidan har bir chiqish 5 ballik tizim bo‘yicha baholab borildi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra:
1-o‘rinni “Davolash yulduzlari” jamoasi;
2-o‘rinni “Shijoat” jamoasi;
3-o‘rinni “Farm one” jamoasi egalladi.
G‘olib jamoalar diplom hamda birinchi o‘rin uchun 3 million so‘m, 2-o‘rin uchun 2 million so‘m, 3-o‘rin uchun 1 million so‘m miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlandi.