“Beshta muhim tashabbus va yoshlar istiqboli”

image_pdfYuklab olish (pdf)image_printChop etish versiyasi

Ijod ahli – shoirlarimiz, yozuvchilarimiz hamisha qalbimizdagi orzu-istaklarni, bizni o‘ylantirayotgan masalalarni qog‘ozga tushirishadi, biz aytadigan yoki aytmoqchi bo‘lgan gaplarni oldinroq, chiroyliroq ifoda etib qo‘yishadi. Shuning uchun ham ijodkorlar bilan uchrashuvlarni hamisha quvonch bilan kutib olamiz. Andijon davlat tibbiyot institutida “Beshta muhim tashabbus va yoshlar istiqboli” mavzusi ostida shoirlar, yozuvchilar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Ijodiy uchrashuvni institut rektori, tibbiyot fanlari doktori, professor M.M.Madazimov ochib berar ekan, mamlakatimiz  Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus asosida ijodkorlik borligi, kimki ijod bilan hamnafas bo‘lsa, bu inson go‘zallikka do‘st bo‘lishi, yaxshilik qilish orzusi bilan yashashi xususida fikr bildirdi. Shundan so‘ng tadbirini olib borish uchun so‘zni tadbir tashkilotchisi, 1-umumiy amaliyot shifokorlari tayyorlash kafedrasi mudiri, professor Z.Salohiddinovga berdi.

Professor Z.Salohiddinov tadbir mehmonlari – O‘zbekiston Xalq shoiri, Xalqaro Bobur va Cho‘lpon mukofotlari sohibi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi To‘lan Nizom, “Shuhrat” medali sohibi, hajvchi yozuvchi Habib Siddiq, filologiya fanlari nomzodi, olim va shoir Halim Karimni adabiy-badiiy tadbir ishtirokchilariga tanishtirdi.

Viloyatimizdagi barcha oliy ta’lim dargohlaridan adabiyot muhlislairi ishtirok etgan tadbir avvalida Z.Salohiddinov T.Nizomning hayoti va ijodiy faoliyati haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tdi va Xalq shoiriga so‘z berdi.

Xalqimizning ardoqli shoiri, Andijon viloyati Bo‘z tumanida kamol topgan To‘lan Nizom ijod ahlining zimmasidagi vazifalar, kitobxonlik, yoshlarga bildirilayotgan ishonch, ulardan kutilayotgan ulkan yutuqlar xususida so‘z yuritidi. YAngi she’rlaridan, jumladan Alisher Navoiy va Bobur ijodiga bag‘ishlangan she’rini o‘qib berdi.

Tadbirda so‘z olgan havjchi yozuvchi va jurnalist Habib Siddiq kitob mutolaasining fazilatlari xususida to‘htalar ekan, ustoz To‘lan Nizomning “So‘zga aylangan qilich” dostonining adabiy badiiy, tarixiy ahamiyati haqida ma’lumot berib o‘tdi. Shundan so‘ng ichakuzdi xangomalaridan o‘qib berdi.

Shoir Halim Karim she’riyatning go‘zalligi, she’r zavqi, dostonlar borasida fikrlar bildirish davomida T.Nizomning mamlakatimiz temir yo‘llari qurilishiga bag‘ishlangan “Po‘lat belbog‘” asarining badiiy qiymati, asardagi qahramonlarning ichki dunyosini ochib berilishidagi mahorat xususida so‘z yuritdi. Talabalar uchun Vatan, sevgi-muhabbat mavzusidagi she’rlaridan o‘qib berdi.

“Beshta muhim tashabbus va yoshlar istiqboli” mavzusidagi adabiy-badiiy tadbirda talabalar, jumladan, Saidkamol Fayziev o‘zi yozgan she’rlardan o‘qib berdi. Davolash fakulteti talabasi Ilhomjon Hoshimov “Vatan madhi” qo‘shig‘ini ijro etdi. Qo‘shiq sho‘x raqslarga ulanib ketdi.

Tadbir davomida T.Nizom sheriyatga ihlosmand talabalarga o‘z kitblaridan sovg‘a qildi. Ijodiy uchrashuv qalblarni zavqqa to‘ldirdi, yangi-yangi maqsadlar, nurli manzillar sari undaganiga ishonamiz.

Odiljon Karimov,

ADTI matbuot kotibi

290