Prezidentimiz raisligida “Mahallalarda aholi bandligini taʼminlash, daromadini oshirish va kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha” o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab bergan vazifalaridan kelib chiqib, viloyat hokimi Sh.Abdurahmonovning topshirig‘iga asosan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Andijon davlat tibbiyot institutiga Andijon shahridagi “Binokor” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan 12 ta aholi yashaydigan ko‘p qavatli uylarda istiqomat qiluvchi fuqarolar biriktirilgan bo‘lib, mas’ullar tomonidan ularning yashash sharoitlari va muammolari doimiy tarzda o’rganib kelinmoqda.
Shu jumladan, bugun, 26-dekabr kuni Andijon davlat tibbiyot instituti rektori M.Madazimov mazkur mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu galgi uchrashuvda aholi bandligini taʼminlash, tadbirkorlikka yo‘naltirish, daromadlarini oshirish singari dolzarb masalalarga hamda aholi salomatligini yanada mustahkamlashga e’tibor qaratildi.
Uchrashuv davomida fuqarolar bilan yakka tartibda muloqot ham o‘tkazilib, ularga kambag‘allikdan chiqish, tadbirkorlik faoliyatini boshlash bo‘yicha imtiyozli kreditlardan foydalanish bo‘yicha muhim takliflar berildi. Aholi tomonidan tibbiy xizmatdan foydalanish, tabiiy gaz muammosi, abituriyentlarni fan to‘garaklariga qatnashishlari borasidagi murojaatlariga atroflicha javoblar va ularning yechimi bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Institut tomonidan “Binokor” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik ham tashkil etildi. Unda kardiolog, endokrinolog, terapevt, otorinolaringolog, nevropatolog, ginekolog, urolog, xirurg, dermatolog, onkolog, infeksionist kabi jami 13 turdagi mutaxassisliklardan iborat 18 nafar xodimlar ishtirok etib, salomatligi bo‘yicha 300 nafarga yaqin aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdilar. Ko‘ruvlar davomida 20 nafar bemorlarga Sog‘liqni saqlash tizimidagi davolash muassasasalariga yo‘llanmalar berildi.
Shuningdek, tibbiy tekshiruvlarda 80 nafarga yaqin bemorlar UTT, EKG va laborator tekshiruvlaridan o‘tkazilib, natijalari bo‘yicha mutaxassislar tomonidan tavsiyalar berildi.