“Innovator” jurnalining “Kecha va bugun” rukni navbatdagi qahramoni — Andijon davlat tibbiyot instituti Davolash fakultetining 6-kurs talabasi Kamiljanov Ikromjon Ibrohimjon o'g'li. U zamonaviy tibbiyotda raqamli texnologiyalarni qo‘llash, raqamli auskultatsiya imkoniyatlari va klinik diagnostikani takomillashtirishga qaratilgan AUS Med tizimini o‘rganmoqda.
Loyihaning asosiy maqsadi — AUS Med mobil ilovasi va raqamli fonendoskop yordamida yurak hamda o‘pka tovushlarini yozib olish, qayta ishlash, tahlil qilish va masofadan uzatish imkoniyatlarini o‘rganishdan iborat. Tadqiqot doirasida raqamli qurilmaning texnik xususiyatlari, audio ma’lumotlarni elektron kasallik tarixida saqlash, tekshiruv natijalarini taqqoslash hamda klinik qarorlar qabul qilishdagi ahamiyati ko‘rib chiqiladi.
Loyihaning muhim jihatlaridan biri — raqamli auskultatsiyani telemeditsina va uzluksiz tibbiy ta’lim bilan integratsiya qilishdir. Ushbu tizim shifokorlar o‘rtasida masofaviy maslahatlashuvlarni tashkil etish, talabalar uchun real vaqt rejimida auskultatsiya jarayonini kuzatish va me’yoriy hamda patologik tovushlarni farqlash ko‘nikmalarini rivojlantirish imkonini beradi.


