Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

BIRLASHAMIZ, DO‘STLASHAMIZ, GO‘ZALLIK YARATAMIZ…

17:04 18.02.2022

Bu qizlarning kengligi, do‘stligi, muhabbatidan  ko‘ngillar taft oladi. Andijon davlat tibbiyot institutida o‘zbek yoshlari qatori turli millat vakillari o‘qiydi. Ularning tili boshqa bo‘lsa-da, maqsadlari bitta – Vatan ravnaqiga xissa qo‘shish. Institut Xotin-qizlar maslahat kengashi tashabbusi bilan oʻtkazilgan Xalqaro qizlar festivalida ishtirok etgan qizlar ham go‘zallikni, nafosatni, shu bilan bir qatorda do‘stlikni tarannum etdilar.

Festivalda Yoshlar masalalari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor v.v.b. S.Salohiddinov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor K.Salohiddinov, Xotin-qizlar maslahat kengashi raisi G.Xolmatova, Xalqaro talabalar bilan ishlash fakulteti dekani G.Yaxshiboyeva ishtirok etib, bugungi kunda ta’lim olayotgan talabalar qatori, xorijiy talabalarga ham barcha imkoniyatlar yaratilganligi, o‘tkazilayotgan tadbirlarda ularning faolligi kundan-kun ortib borayotgani, tanlovlarda yuqori o‘rinlarni egallayotgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlanayotganini alohida ta’kidlab o‘tdilar.

Festival  O‘zbekiston, Hindiston, Pokiston talabalari o‘rtasida tanlov asosida o‘tkazildi.  Birinchi – tanishtiruv shartida har uch millat talabalari o‘z chiqishlarida yurtining tarixi, dini, milliy urf-odatlari, an’analari haqida batafsil to‘xtaldilar.

Ikkinchi shartda esa qizlar san’atdagi mahoratlarini namoyish etdilar. Har bir jamoa yasagan guldastalarda milliy qadriyatlar aks etdi, rassom qizlar tomonidan tasvirlangan ayol timsoli nozik qalb egalarining naqadar nafis ekanligini ko‘rsata oldi.

Uchinchi – erkin ijod sharti esa festivalning kulminatsion nuqtasiga aylandi. Hindisonlik qizlarning o‘sha biz bilgan muhabbat jo‘sh urgan raqslari, pokistonliklarning mumtoz qo‘shiqlari qarsaklar sadosiga yo‘g‘rilib ketdi. O‘zbek qizlari esa aktyorlikda chapdast chiqib qolishdi. “Chimildiq” spektaklini o‘zgacha mahorat bilan ijro etganliklari iste’dodlarining yana bir qirrasini namoyish etdi.

Lirik chekinish davomida talabalar tomonidan turli qo‘shiqlar, raqslar taqdim etildi. Kichik viktorina esa yoshlarning bilimlarini sinovdan o‘tkazdi.

Festival bayramona tus oldi. Tadbir so‘nggida barcha talaba-qizlar birlashib qo‘shiq kuyladilar, raqsga tushdilar. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus doirasida o‘tkazilayotgan bunday tadbirlar iqtidorlilarni kashf qilish barobarida, do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga ham xizmat qilmoqda.

Skip to content Click to listen highlighted text!