“BOLALAR XIRURGIYASI, ANESTEZIOLOGIYA VA REANIMATOLOGIYANING DOLZARB MUAMMOLARI” MAVZUSIDA XALQARO ILMIY-AMALIY ANJUMAN O‘TKAZILDI – Andijon davlat tibbiyot instituti
Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

“BOLALAR XIRURGIYASI, ANESTEZIOLOGIYA VA REANIMATOLOGIYANING DOLZARB MUAMMOLARI” MAVZUSIDA XALQARO ILMIY-AMALIY ANJUMAN O‘TKAZILDI

16:52 18.10.2024

Bugun, 18-oktabr kuni Andijon davlat tibbiyot institutida “Bolalar xirurgiyasi, anesteziologiya va reanimatologiyaning dolzarb muammolari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.

Mazkur anjumanda Rossiya, AQSH, Ozarbayjon, Janubiy Koreya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Belorussiya, Tojikiston kabi davlatlardan olimlar hamda respublikamiz viloyatlaridan kelgan soha mutaxassislari, Andijon davlat tibbiyot institutining professor-o‘qituvchilari, magistrantlar, klinik ordinatorlar, yuqori bosqich talabalari onlayn va oflayn (gibrid) tarzda ishtirok etdi.

Anjuman avvalida institut rektori M.Madazimov anjuman mavzusining qanchalik dolzarbligi va ahamiyati haqida so‘z yuritdi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri v.b. A.Xudayarov hamda Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonovning anjuman qatnashchilariga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi.

Plenar kengash davomida 11 ta ma’ruza tinglanib, unda “Bolalarda umumiy o‘t yo‘llarining kistoz transformatsiyalarida tashxislash va davolashga kompleks yondashuv”, “Bolalar anesteziologiyasida zamonaviy ingalyatsion anestetiklar”, “Bolalarda qorin aortasining kompression stenozi”, “Rejali bolalar jarrohligida laporoskopik tashrixlar” kabi mavzularda taqdimotlar olib borildi.

Shundan so‘ng, konferensiya 3 ta seksiyaga bo‘lingan holda davom etdi. 1-seksiyada “Anesteziologiya va reanimatologiya, rekonstruktiv-plastik xirurgiya, yuz-jag‘ xirurgiyasi, kardioxirurgiya” mavzularida 25 ta ma’ruza, 2-seksiyada “Uroginekologiya, Koloproktologiya” mavzularida 21 ta ma’ruza hamda 3-seksiyada “Torako-abdominal jarrohlik” mavzularida 27 ta ma’ruzalar olib borildi.

O‘tkazilgan taqdimotlar bugungi kunda tibbiyotdagi yangiliklar, yangi texnologiyalar, bolalar xirurgiyasida zamonaviy tashxislarni qo‘llash, xorij tibbiyoti, mutaxassislar almashinuvini yanada mustahkamlash, tajriba almashish jarayonlarini yanada kengaytirishga xizmat qildi. Shuningdek, anjuman davomida Andijon davlat tibbiyot institutining respublikamiz va xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini bundan-da mustahkamlash borasida fikr almashildi.

“Bolalar xirurgiyasi, anesteziologiya va reanimatologiyaning dolzarb muammolari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjumani ertaga, 19-oktabr kuni ham davom etadi. Unda Andijon viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida mahorat darslari olib borilishi rejalashtirilgan bo‘lib, “Bolalar qorin bo‘shlig‘ida xosilalarni kam invaziv tashrixlari” mavzusida amaliy jarayonlar tashkil etiladi.

Skip to content Click to listen highlighted text!