Bo‘ston tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli markaziy shifoxonada Andijon davlat tibbiyot institutining yetakchi mutaxassislaridan iborat ishchi guruhi tomonidan bemorlar ko‘rigi hamda tibbiy konsilium tashkil etildi. Ushbu tadbir hudud aholisi salomatligini mustahkamlash, bemorlarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yanada oshirish hamda murakkab holatlarni chuqur tahlil qilish maqsadida o‘tkazildi.


Ishchi guruh tarkibiga tajribali shifokorlar va professor-o‘qituvchilar jalb etilib, ular shifoxonaning reanimatsiya, terapiya, pediatriya, tug‘ruq hamda shoshilinch tibbiy yordam bo‘limlarida davolanayotgan bemorlarning holatini atroflicha o‘rganib chiqdilar. Har bir bemorning tashxisi, davolanish jarayoni, qo‘llanilayotgan dori vositalari hamda reabilitatsiya choralariga alohida e’tibor qaratildi.


Konsilium jarayonida og‘ir va murakkab klinik holatlarga ega bemorlar bo‘yicha keng muhokamalar o‘tkazilib, ularni davolashning eng samarali usullari yuzasidan mutaxassislar tomonidan aniq tavsiyalar berildi. Shuningdek, zamonaviy tibbiy yondashuvlar asosida davolash taktikasini takomillashtirish, qo‘shimcha tekshiruvlar o‘tkazish va zarur hollarda yuqori bosqichdagi tibbiyot muassasalariga yo‘llash masalalari ko‘rib chiqildi.


Mutaxassislar nafaqat bemorlarga, balki bo‘lim shifokorlari va tibbiyot xodimlariga ham amaliy-uslubiy yordam ko‘rsatib, o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar. Bu esa tuman shifoxonasida tibbiy xizmatlar sifatini yanada yaxshilashga xizmat qilishi ta’kidlandi.


