alexa
Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

Bugun Andijon davlat tibbiyot institutida “Profilaktik tibbiyotda yuqori innovatsion texnologiyalarni qo‘llash” mavzusida onlayn Respublika ilmiy-amaliy videoanjumani o‘z ishini boshladi

16:09 11.06.2020

“Profilaktik tibbiyotda yuqori innovatsion texnologiyalarni qo‘llash” mavzusida onlayn tarzida o‘tayotgan ilmiy-amaliy anjumanda respublikamizning  barcha viloyatlaridan  hamda Amerika Qo‘shma Shtatlari, Yaponiya, Rossiya Federatsiyasi, Ukraina, Belorussiya, Qozog‘iston, Qirgiziston mamlakatlaridan taniqli olimlar, mutaxassislar, fan doktorlari, sog‘liqni saqlash tashkilotchilari vakillari ishtirok etmoqda.


Onlayn ilmiy-amaliy anjumanni Andijon davlat tibbiyot instituti rektori, professor M.Madazimov ochib berar ekan, barcha ishtirokchilarni qizg‘in tabrikladi va anjuman  dasturi bilan tanishtirdi.



Ilmiy-amaliy anjumanda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi, Andijon viloyati hokimligi vakillari o‘z chiqishlari bilan ishtirok etib anjuman ishiga muvaffaqiyat tilashdi. E’tirof etish kerakki, onlayn ilmiy-amaliy anjumanda 150 dan ziyod ma’ruzalar tinglanishi rejalashtirilgan, tashkiliy qo‘mitaga 1000 dan ziyod tezislar kelib tushgan.


Konferensiyaning plenar yig‘ilishi O‘zbekiston Xalq tabobati Akademiyasi akademigi, Andijon davlat tibbiyot instituti kafedra mudiri, professor N.S.Mamasoliyevning “O‘zbekistonda profilaktik tibbiyotning ulkan kashfiyotlari va jahon fani uchun ibratlari” mavzusidagi ma’ruzasi bilan o‘z ishini boshladi. Shuningdek, plenar yig‘ilishda mamlakatimiz va xorijlik mutaxassislar dolzarb   mavzularda ma’ruzalar  qildilar.



An’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan mazkur ilmiy-amaliy anjuman bu yil onlayn tartibida tashkil etilib,  yuqumli kasalliklar, onalik va bolalik,  ichki  va xirurgik kasalliklar hamda tibbiy-biologik  yo‘nalishlarda  ish olib bormoqda.



Anjuman o‘z ishini seksiyalarga bo‘lingan holda  davom ettirmoqda.



Seksiyalarda dolzarb mavzularda ma’ruzalar, xorijlik tajribali soha mutaxassislari ishtirokida mahorat darslari o‘tkazilmoqda.
 


Ma’ruzalar va mahorat darslarida institut professor-o‘qituvchilari, jarroh, travmatolog, ginekolog, neyrojarroh, nefrolog, onkolog, anesteziolog-reanimatolog, nevropatolog va urologlar, tayanch doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar, yosh olimlar va magistrlar onlayn ravishda ishtirok etmoqdalar. Ma’ruzalarda ko‘plab yangi, innovatsion loyihalar va taqdimotlar namoyish etilmoqda.



Anjuman doirasida Andijon davlat tibbiyot instituti  bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish yuzasidan takliflar, fikr-mulohazalar bildirildi.


Respublika onlayn ilmiy-amaliy anjuman o‘z ishini ertaga – 12 iyun kuni ham davom ettiradi.


Anjuman so‘nggida mavzular bo‘yicha  taklif va mulohazalar asosida rezolyusiya qabul qilinadi, ishtirokchilarga sertifikatlar topshiriladi.
 

ADTI axborot xizmati

Skip to content aasaaasaasas Click to listen highlighted text!