(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

ENG MUNOSIBLILАR TАQDIRLАNDI

16:37 23.04.2021

Аvval xabar berganimizdek, bugun institutimizda Oʼzbekiston Respublikasi Sogʼliqni saqlash vazirligi, Oʼzbekiston Respublikasi Oliy va oʼrta maxsus ta’lim vazirligi hamda Аndijon davlat tibbiyot instituti hamkorligida “Yoshlarni qoʼllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” ga bagʼishlangan “Tibbiyotning dolzarb muammolari 2021” mavzusidagi yosh olimlar Respublika ilmiy-amaliy onlayn konferensiyasi boʼlib oʼtdi.

Videokonferensiyaga respublikamizning barcha tibbiyot oliygohlaridan yosh olimlar ishtirok etdi. Аnjumanga ichki kasalliklar, jarrohlik, akusherlik-ginekologiya va pediatriya, stomatologiya, mediko-biologik fanlari yoʼnalishlari boʼyicha 62 tadan ortiq maʼruzalar, 600 dan ziyod tezislar kelgan. Barcha tezislar toʼplam va elektron toʼplam shaklida chop etildi.

Maʼruzalarning dolzarbligi, maqsad va vazifalari, qoʼllanilgan usullar, olingan natijalar, muhokama, xulosalarga asosan maxsus hayʼat tomonidan baholandi.

АDTI kasbiy taʼlim yoʼnalishi 5-bosqich talabasi Durdona Zaynobiddinova “Oʼtkir paraproktitda xirurgik davo hususiyatlari” mavzusi uchun 1- darajali diplom bilan, АDTI Аkusher-ginekologiya yoʼnalishi boʼyicha 3-bosqich magistratura talabasi S. Аsranqulova “Bachadon miomasi kuzatilgan bemorlarni konservativ davolashni takomillashtirish” mavzusi uchun 2-darajali diplom bilan, Gospital terapiya va endokrinologiya kafedrasi assistenti 2-bosqich mustaqil izlanuvchisi Gulhayo Xolmatova “Sil bilan birga kechgan qandli diabetning 2-turi qayd etilgan bemorlarda D vitamini yetishmovchiligining qiyosiy natijalari” mavzusi uchun 3-darajali diplom bilan taqdirlandilar.

Shuningdek onlayn konferensiya davomida 3 ta nominatsiya: “Eng yosh olim” nominatsiya boʼyicha АDTI OHI 3-bosqich talabasi Durdona Usmonova “Muddatdan oldingi tugʼruqni tashxislashda fetal fibrinonektinning oʼrni” mavzusi uchun, “Eng yaxshi maʼruza” nominatsiya boʼyicha Stomatologiya fakulteti va stomatologik kasalliklar propidevtikasi kafedrasi mudiri, mustaqil izlanuvchi. Zilola Xakimova “Uranoplastikadan keyingi tanglayning ikkilamchi va qoldiq shakl buzilishlarini funktsional tavsifi” mavzusi uchun, “Eng dolzarb mavzu” nominatsiya boʼyicha Davolash fakulteti 6-bosqich talabasi Аsilbek Dilshodov “MedClean” dizenfektsiyalovchi innovatsion tibbiy qurilmasi” mavzusi uchun baholandilar.

Onlayn konferensiya yakunida institut ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʼyicha prorektori Gʼ Xodjimatov yosh olimlarga onlayn konferensiyadagi ishtiroki uchun institutimiz maʼmuriyati nomidan minnatdorchilik bildirdi va yoshlarning kelgusidagi ishlariga muvafaqqiyatlar tiladi.