Andijon davlat tibbiyot institutida tashkil etilgan Talabalar teatr studiyasi bugunga qadar faoliyati davomida yangidan yangi iqtidor egalarini kashf etib kelmoqda. San’atga ishtiyoqmand yigit-qizlar o‘z iste’dodlarini namoyish etib, o‘tkazilayotgan tanlovlarda yuqori o‘rinlarni zabt etib kelishmoqda.
Bugun, 2-dekabr kuni “Eng yaxshi talabalar teatr studiyasi” ko‘rik tanlovining institut bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda fakultetlarning eng iqtidorli talabalari ishtirok etdi. Unda Respublika teatr arboblari uyushmasi a’zosi, “Sog‘lom avlod” ordeni sohibi, mehnat faxriysi A.Cho‘qqiyev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, viloyat bosh rejissiyori D.Shayxov, Andijon davlat tibbiyot instituti Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor S.Salohiddinov hamda Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i A.Abduhalimov, Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi G.Xolmatova hamda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi institut boshlang‘ich tashkiloti yetakchi F.Xojimatov ishtirok etdi va hakamlar hay’ati a’zolari sifatida chiqishlarni adolatli baholab bordilar.
Tanlovda Farmatsiya fakulteti jamoasi Mansur Ro‘ziyevning “Oqibat” asarini, Davolash fakulteti jamoasi Erkin Xushvaqtovning “Andishali kelin” asarini, Pediatriya fakulteti jamoasi Usmon Azimning “Ular odam emas” asarini hamda Stomatologiya fakulteti jamoasi esa Sharof Boshbekovning “Chimildiq” asarini sahnalashtirib, ijro etdilar.
Talabalar mazkur spektakllar orqali davr hayoti, og‘riqli nuqtalari, insonlarning kechmishlari, xursandchilik va tashvishlarini ham mulohazali, ham yumorga boy tarzda ijro etdilar.
Yakuniy natijalarga ko‘ra,
1-o‘rin – Farmatsiya fakulteti jamoasiga,
2-o‘rin – Stomatologiya fakulteti jamoasiga,
3-o‘rin – Davolash fakulteti jamoasiga nasib etdi.