2023-yilning 29-30-noyabr kunlari Minsk shahrida o‘tkazilgan “Belorus-O‘zbekiston sog‘liqni saqlash va tibbiyot ta’limi” forumida ikki mamlakat o‘rtasida tibbiyotning qator sohalarida hamkorlikni kuchaytirish, tibbiy ta’lim va ilmiy sohalarda yangi loyihalarni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilingan edi.
Mazkur kelishuvlarni yo‘lga qo‘yish maqsadida bugun, 6-mart kuni Belorus Respublikasi Gomel davlat tibbiyot universiteti O‘quv ishlari bo‘yicha prorektori, professor Viktor Aleksandrovich Melnik va universitetning klinik ordinatura bo‘yicha mas’uli Dmitriy Petrovich Andruseyev Andijon davlat tibbiyot institutiga tashrif buyurdi.
Ular bilan institut rektori M.Madazimov uchrashdi va qator masalalar muhokama qilindi. Unga ko‘ra, ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha “1+1” qo‘shma ta’lim dasturi doirasida klinik ordituraning “oftolmologiya” yo‘nalishini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlik shartnomasi imzolandi. Bunda 2024-2025-o‘quv yilidan klinik ordituraning oftolmologiya yo‘nalishiga qabul qilinganlar o‘qishning 1-bosqichini Andijon davlat tibbiyot institutida 2-bosqichni esa Gomel davlat tibbiyot universitetida o‘qiydi.
Shuningdek, ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida talabalar almashinuvini va institutning tor soha mutaxassislari (professor-o‘qituvchilar)ning malaka oshirishini yo‘lga qo‘yish masalalari bo‘yicha ham kelishuvga erishildi.
Uchrashuv davomida institutdagi va Gomel davlat tibbiyot universitetidagi ta’lim jarayoni o‘qituvchilar va talabalarga yaratilgan sharoitlar, fakultetlar va yo‘nalishlar haqida batafsil ma’lumot beruvchi videorolik va taqdimotlar namoyish etildi. Yakunda tomonlar esdalik sovg‘alarini topshirdi.