Ilm-fan taraqqiyoti yo‘lida ayollarning o‘rni beqiyosdir. Ilmli ayol — nafaqat oila tayanchi, balki jamiyat ravnaqining muhim omilidir. Ziyoli va ma’rifatli ayollar yurt kelajagini belgilovchi kuch bo‘lib, ularning ilmiy salohiyati jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiladi.


Bugun, 11-fevral kuni Andijon davlat tibbiyot institutida “Ilmli ayol — jamiyat ko‘zgusi: ilm-fan taraqqiyotida ayollar o‘rni” mavzusida olima ayollar va talaba-qizlar ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi. Mazkur tadbir institutning Xotin-qizlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan tashkil etildi. Tadbirni Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi Gulhayoxon Xolmatova kirish so‘zi bilan ochib berdi. O‘z nutqida u bugungi kunda ayollarning ilm-fan, ta’lim va tibbiyot sohalaridagi o‘rni tobora mustahkamlanib borayotganini, yosh qizlarni ilmga jalb etish va ularni qo‘llab-quvvatlash muhim vazifa ekanini alohida ta’kidladi.


Tadbirning faxriy mehmonlari sifatida tibbiyot sohasida olib borayotgan ilmiy izlanishlari va ko‘plab shogirdlari bilan ilm rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan yetuk olima, Gospital terapiya va endokrinologiya kafedrasi mudiri, tibbiyot fanlari doktori, professor Shahnozaxon Yusupova, Biologik kimyo kafedrasi dotsenti, ilmiy tadqiqotlari va yoshlarni ilmga yo‘naltirishdagi samarali faoliyati bilan e’tirof etilgan ustoz, tibbiyot fanlari doktori Go‘yoxon Mo‘minova ishtirok etdi.


Ustozlar o‘z nutqlarida ilm yo‘lining sharafli, ayni paytda mas’uliyatli va mashaqqatli ekanini alohida ta’kidladi. Ular o‘zlarining ilmiy faoliyatlari davomida bosib o‘tgan yo‘llari, izlanish jarayonidagi qiyinchiliklar, sabr va qat’iyat bilan erishilgan yutuqlar haqida samimiy fikrlar bildirdi. Shuningdek, yosh tadqiqotchilar uchun eng muhim omil — tinimsiz izlanish, ustoz-shogird an’analariga sodiqlik va o‘z oldiga katta maqsadlar qo‘yish ekanini qayd etdi.


Uchrashuv davomida ustozlar talaba-qizlarni ilm-fanga kengroq jalb etish, ilmiy izlanishlardan cho‘chimaslik, har bir muvaffaqiyat ortida katta mehnat yotishini unutmaslikka chaqirdi.
Tadbir doirasida o‘z ilmiy orzu-intilishlari, harakati bilan yutuqlarga erishib kelayotgan talaba-qizlar ham o‘z izlanishlari bilan bo‘lishdi.


Mazkur tadbir doirasi ustozlarga institut rektorining tashakkurnomasi va “Ilmda mening orzularim” nominatsiyasi g‘olibi, Davolash fakulteti 4-bosqich talabasi Mahfuratoy Yusupova, “Orzular laboratoriyasi” nominatsiyasi g‘olibi, Pediatriya fakulteti 1-bosqich talabasi Ruxshona Qahramonova, “Ilmdagi orzularim – sog‘lom avlod kelajagi” nominatsiyasi g‘olibi, Pediatriya fakulteti 1-bosqich talabasi Dilnoza Azizova tashakkurnoma va pul mukofotlari aks etgan vaucherlar taqdim etildi.


Bu kabi tadbirlar yosh xotin-qizlarimizning ilmiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularni katta marralar sari ruhlantirish hamda jamiyatimizda ilmli va faol ayollar safini kengaytirishga xizmat qiladi.

