Xabaringiz bor, Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasida Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 25-noyabrdagi 713-sonli Qarori bilan rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda.
2025-yildan rekonstruksiya ishlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 18-noyabrdagi PQ-395-son Qaroriga asosan Andijon davlat tibbiyot instituti mablag‘lari hisobidan olib borilishi ko‘zda tutilgan. Shu maqsadlarga 2025-yilda jami 80,0 mlrd.so‘m moliyalashtirildi.


Bugungi kunga tom rekonstruksiyasi, binolar fasad qismi ishlari, 6-blok 1-qavati, Atrium, 1-blok, 5-blok 1-qavati bitkazildi.
Klinikaga suv tizimini olib kirish, elektrokabellarni transheyalarga yotqizish, elektr transformatrlar o‘rnatish, bloklarda xonalar oralig‘i devorlarini pardozlash, operatsion va reanimatsiya xonalariga laminar potok tizimini o‘rnatishni yakunlash, tarmoqlar o‘tkazish, 9-blokdan 13-blokka va 11-blokka o‘tish ko‘prik yo‘lini oxiriga yetkazish ishlari olib borilmoqda. Bundan tashqari quyosh batareyalarini o‘rnatish, qozonxona qurish, qozonxonaga gaz tizimini tortish, hududni atrof devor bilan o‘rash ishlari amalga oshirilmoqda.


Joriy yilning 15-16-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining viloyatimizga bo‘lgan tashrifida Prezidentimiz tibbiyotda Andijon brendini yaratish bo‘yicha barcha imkoniyatlar borligini taʼkidladi. Bu borada o‘tgan yili 650 o‘rinli klinika Andijon davlat tibbiyot instituti balansiga o‘tkazilib, uni taʼmirlash va jihozlashga 180 milliard so‘m berildi. Bu 11 ming talabaga bir vaqtni o‘zida ham o‘qish, ham amaliyot o‘tash imkonini beradi. Institutimizdagi simulyatsion markazda tibbiyot xodimlari malakasini 2 bosqichda baholash tizimini yo‘lga qo‘yish, klinika yoniga travmatologiya, pediatriya va jarrohlik, ginekologiya bo‘limini qurib, klasterga aylantirish tashabbuslari qo‘llab-quvvatlangan edi.


Davlatimiz rahbari topshirig‘iga asosan klinika hududida yangitdan 5 qavatli bino qurish uchun poydevor qazish ishlari boshlangan. Binodan Ginekologiya, Travmatologiya, Bolalar jarrohligi, Rekonstruktiv jarrohlik va Pediatriya bo‘yicha o‘quv-amaliyot bo‘limlari bilan birgalikda talabalar uchun auditoriyalar, maʼruza zallari va kafedralar o‘rin olishi rejalashtirilgan.
