Xabaringiz bor ayni kunlarda, Andijon davlat tibbiyot instituti rektori M.Madazimov boshchiligidagi institut professor-o‘qituvchilaridan iborat delegatsiya Amerika Qo‘shma Shtatlarida xizmat safarida bo‘lib turibdi.
Bugun, 12-avgust kuni institut delegatsiyasi a’zolari kardiojarrohlik bo‘yicha malaka oshirishni boshladi.
Ular bir oy davomida dunyoning eng nufuzli klinikalari ro‘yxatida yuqori o‘rinlarni egallab kelayotgan Klivlend klinikasi (Cleveland Clinic) va Keys Vestern universiteti (Case Western University) shifoxonasida o‘tkaziladigan zamonaviy kardio-jarrohlik operatsiyalarida qatnashadilar.
Bugun ular Dr.Yakov Elgudin boshchiligida “Aortada DAVID operatsiyasi” ya’ni aortaning asos qismini protezlash operatsiyasida ishtirok etdi.
Ma’lumot uchun, bunday operatsiyalar noyob operatsiyalar turiga kiradi va O‘zbekiston kardiojarrohligida ham uni tadbiq etish yo‘lga qo‘yilmoqda. Mutaxassislar bu sohani rivojlantirishda xorijiy tajribalarning o’rni juda katta ekanligini ta’kidlamoqda.