Andijon davlat tibbiyot instituti rektori M.Madazimov dekan o‘rinbosarlari va tyutorlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor S.Salohiddinov hamda Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i A.Abduhalimov ham ishtirok etdi.
Yig‘ilish avvalida institut rektori ishtirokchilarni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 32 yilligi bilan muborakbod etdi.
Ma’lumki, 15-noyabrdan 15-dekabrga qadar yurtimizda yong‘in xavfsizligi oyligi deb e’lon qilingan. Institut rektori bu borada amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi. Talabalar turar joyi, ijara xonadonlarida yashovchi talabalar bilan uchrashish, ularning holidan xabar olish, ularning taklif va muammolarini o‘rganish, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, isitish vositalaridan foydalanganda elektr energiyasiga rioya qilish borasidagi ma’lumotlarni talabalarga yetkazish masalasiga alohida urg‘u qaratdi.
Shuningdek, yig‘ilish davomida ta’lim muassasasida o‘tkazilayotgan tadbir va loyihalarni ko‘tarinki ruhda tashkillashtirish, har bir yoshning iqtidorini namoyish etish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ota-onalari bilan muloqotda bo‘lish, ularning darslardagi faolligini oshirish, kiyinish madaniyatiga rioya qilishlarini ta’kidlash haqida so‘z bordi. Suhbat so‘nggida mazkur masalalar bo‘yicha mas’ullarga kerakli tavsiya va vazifalar berildi.